Navoiyga otilgan tosh har bir oʻzbekni sergak torttiradi(mi?)


🔴 Tarix va xotirani yoʻqotish xavfi

 

🔴 Hurmatsizlikmi yoki qayta qurilish?


 

    Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning qoʻshni Afgʻonistondagi yodgorligi batamom buzib tashlangani haqida xabarlar tarqaldi. Koʻp oʻtmay, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bu masala yuzasidan Afgʻon hukumati bilan bogʻlanib, vaziyat nazorat ostida ekani haqida bayonot berdi.

 

    Qayd etilishicha, “Tolibon”ning bu harakati qator ziyolilar va siyosatchilarning gʻazabini keltirib chiqargan. Ularning aytishicha, “Tolibon” nafaqat boshqa millatlarning maʼnaviy qadriyatlari va insoniyatning tarixiy faxriga eʼtibor bermayapti, balki amalda mamlakatning madaniy va tarixiy oʻzligini yoʻq qilish va kamsitish bilan shugʻullanmoqda.

 

    Shuningdek, Afgʻonistondagi oʻzbek faollari 20 avgust kuni muvaqqat hukumatning bu ishini qoralab, bayonot bilan chiqqan. 20 ga yaqin jamoat tashkilotlari tomonidan tayyorlangan bu bayonotda Alisher Navoiyning haykalini buzish “xalqning umumiy xotirasiga va Afgʻonistonning maʼnaviy nufuziga nisbatan hujum” sifatida baholangan. Bayonotda xalqaro hamjamiyatni, madaniy muassasalarni va inson huquqlari himoyachilarini Afgʻoniston xalqlarining tarixiy hamda madaniy merosni himoya qilish uchun darhol chora koʻrishga chaqirilgan. 

 

    Maʼlumki, Alisher Navoiyning barelef uslubidagi bu yodgorligi 2008 yilda Mozori Sharif shahar hokimiyati tomonidan, uning xotirasini yodga olish maqsadida oʻrnatilgan. 2020 yil dekabrda Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻonistonga tashrif buyurib, Hirotdagi Alisher Navoiy maqbarasini taʼmirlash yuzasidan muzokaralar olib borgan, 2021 yilning may oyida bir guruh oʻzbek ziyolilari buyuk mutafakkir maqbarasini ziyorat qilib, shoir ijodiga bagʻishlangan xalqaro anjumanda ishtirok etib qaytgandi. 

 

    2021 yil 15 avgustda Afgʻoniston boshqaruvi Tolibon harakati ixtiyoriga oʻtdi. Oradan toʻrt yil oʻtgan boʻlsa-da, jahon hamjamiyati mamlakatning yangi hukumatini tan olishga shoshilmayapti. Shunga qaramay, Oʻzbekiston qoʻshni davlat bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirishga harakat qilib kelmoqda. Afgʻonistondagi tiklanish ishlariga davlatimiz alohida eʼtibor qaratmoqda. Vaqti-vaqti bilan bu davlatga insonparvarlik yordamlari yuborib turiladi. Xalqaro maydonda Oʻzbekiston rahbariyati muntazam ravishda Afgʻonistonda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, bu davlatga har jihatdan yordam berish boʻyicha oʻz takliflarini bildirib keladi. 

 

    Agar tarixga murojaat qilsak, Afgʻoniston Gʻaznaviylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Shayboniylar va boshqa turkiy sulolalar davrida oʻzbek davlatchiligining salmoqli qismini tashkil qilib kelgan. Jumladan, Amir Temur, Shohruh Mirzo, Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy tashabbuslari bilan bu hududda juda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. Bugungi kunda oʻzbeklar Afgʻoniston aholisining salmoqli qismini tashkil qiladi. Oʻzbek tili Afgʻonistonda ishlatilishi boʻyicha uchinchi yirik til hisoblanadi. Maʼlumotlarga koʻra, ayni payda bu yurtda sakkiz milliondan ortiq oʻzbek istiqomat qiladi. Mozori sharif esa Afgʻonistonning oʻzbeklar zich yashaydigan sakkizta yirik viloyatlaridan biri - Balxning markazi hisoblanadi. 

 

    Rivoyatlarga koʻra, maʼlum sabablarga koʻra toʻrtinchi xalifa Ali ibn Abu Tolib (r.a.) ning Iroqning Najaf shahrida dafn qilingan jasad qoldiqlari dushman tomonidan tahqirlanmasligi uchun tarafdorlari tomonidan bu yerga koʻchirib kelingan va qayta dafn qilingan. Keyinchalik yangi qabr ustiga saljuqiylar hukmdori Sulton Sanjar davrida maqbara tiklangan. Shaharning eng yirik meʼmoriy obidasi hisoblangan. Temuriylar davrida, Sulton Husayn Boyqaro tashabbusi bilan bu majmua kengaytirilib, yirik jomeʼ masjidi bunyod etilgan. Keyinchalik xalq orasida Moviy masjid nomini olgan bu majmua Mozori sharifning tashrif qogʻoziga aylangan. Alisher Navoiyning inisi Darvesh Ali maʼlum muddat Balx viloyatini boshqargan. Hazrat Navoiy oʻzlari ham bir necha bor Balx va uning atrofidagi shahar va tumanlarda boʻlib, bu hududlarni obod etishda qatnashganlar.

 

    Hirot va Xurosonning koʻplab shaharlari Navoiy asarlarida alohida tarannum etiladi. Jumladan, “Hayrat ul-abror” dostonida Hirot vasfiga bagʻishlangan alohida bob mavjud. Ushbu bobda Navoiy oʻz ona shahrini qanchalik sevgani, uni dunyoning eng goʻzal shaharlariga alishmasligini aytadi. Alisher Navoiy umri davomida Hirot va Xurosonning boshqa shaharlarida 300 dan ortiq turli inshootlarni qurdirgan. Ularning aksariyati bugunga qadar yetib kelgan. Baʼzilari Afgʻonistondagi ichki urushlar davrida vayron qilingan. Aslida, nafaqat Balx va uning markazi Mozori Sharif shahrida, balki butun Afgʻonistonda Hazrat Navoiyga har qancha hurmat eʼtibor koʻrsatilsa arziydi. 



 

    Mozori sharifda yuz bergan bu noxushlikni chindan ham Alisher Navoiy siymosiga nisbatan adolatsizlik deyish mumkin. 

 

    Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining bayonotiga koʻra, mazkur masala yuzasidan rasmiy izoh olish maqsadida “Tolibon” muvaqqat hukumati vakillari bilan  bogʻlanilgan. Afgʻoniston hukumatining javobida aytilishicha, Alisher Navoiy haykali oʻrnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi, shoir va mutafakkir uchun yanada koʻrkam majmua qurilishi lozimligi bois yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangan. Shu bilan birga, Navoiy yodgorligining buzilishida masʼullar Afgʻoniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishishmagan. Bundan tashqari, afgʻon rasmiylari nafaqat Oʻzbekiston, balki Afgʻoniston xalqi uchun moʻʼtabar boʻlgan Alisher Navoiy xotirasini munosib tarzda abadiylashtirilishini tasdiqlab, buyuk shoir va mutafakkir sharafiga alohida yodgorlik barpo etishga vaʼda bergan. 

 

“Jumladan, Afgʻoniston vakillari hududni obodonlashtirish, shoir hayoti va ijodiy merosiga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yozuvlarni tiklash, amaldagi qarorlarga muvofiq yangi yodgorlik barpo etish hamda u joylashgan maydonga buyuk shoir Alisher Navoiy nomi qoʻyilishi rejalashtirilganini maʼlum qilishdi. Afgʻoniston tomoni butun mintaqa uchun birdek qadrli boʻlgan buyuk mutafakkir xotirasini asrab-avaylash borasidagi qatʼiy sodiqligini bildirgan holda uning nomini munosib eʼzozlash uchun barcha zarur choralar koʻrilishini taʼkidladi”, deyiladi xabarda. 


    Albatta, janubdagi qoʻshnimiz hisoblangan Afgʻoniston bilan munosabatlarni yaxshilash har ikki tomon uchun ham muhim. Oʻzbekiston yangi afgʻon hukumati va xalqiga har tomonlama yordam berib keladi. Shunday ekan, mamlakat rahbariyati bu kabi noxush holatlardan oʻz vaqtida xabardor boʻlishi, oʻzbek millatining buyuk maʼrifatparvarlari xotirasiga hurmatsizlik qilinishiga yoʻl bermasligi lozim. 

 

Rustam Jabborov

P/S: Maqola yozilayotganda, internet saytlarida Afgʻoniston rasmiylari Mozori Sharifdagi Alisher Navoiy yodgorligini tiklashga kirishishgani haqida xabarlar paydo boʻldi. Jarayonlarni kuzatishda davom etamiz.