Odam anatomiyasiga oid ilk rangli tasvirlar muallifi kim?

 

🔴Tibbiyot tarixidagi yirik ilmiy meros

 

🔴Ibn Sinoning keyinchalik kotiblar tomonidan koʻchirilgan qoʻlyozmalarida aks etgan rangli tasvirlar



 

    XV asr oxirlarida Musulmon Sharqi shaharlaridan birida shamli xona, siyoh ifori va qalam chizgʻilari ostida yozilayotgan asarning keyinchalik tibbiyot tarixida yirik ilmiy meros sifatida tan olinishini muallif tasavvur ham qilmagan boʻlsa kerak. 


    Bu noyob ilmiy meros – Mansur ibn Muhammad ibn Ilyosning “Risola dar tashrihi badani inson” (“Inson badanining anatomiyasi haqida risola”) asari edi. Bu asar keyinchalik “Tashrihi Mansuriy” nomi bilan ham mashhur boʻlgan.

 

    Temuriylar davridan qolgan xazina

 

    Mansur ibn Ilyosning hayoti haqida koʻp maʼlumotlar saqlanmagan. U XV asrda Sherozda ziyoli oilada tugʻilgan boʻlib, oilasida olimlar, tabiblar va shoirlar yetishib chiqqan. Olim Islom olamining turli shaharlarida boʻlib, ayniqsa, Temuriylar davrida ilm va madaniyat markazi hisoblangan Tabrizga bir necha bor sayohat qilgan.


    1396 yilda u oʻzining mashhur asari – “Tashrihi Mansuriy” ni yozib, Amir Temurning nabirasi Pirmuhammad Bahodirga bagʻishlagan.

 

      Inson anatomiyasining ilk atlasi

 

    “Tashrihi Mansuriy” tibbiyot tarixida ilk rangli anatomik atlas sifatida katta ahamiyat kasb etadi. Unda inson tanasi besh tizim boʻyicha – suyaklar, asablar, mushaklar, arteriya va vena tomirlari tasvirlangan. 


    Asarning eng muhim jihati – unda inson tanasiga oid ilk rangli tasvirlar koʻrsatilgan. Bu tasvirlar tibbiy bilimlarni vizual tarzda yetkazish imkonini yaratgan va anatomiya fanini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab bergan.

 

    Mansur ibn Ilyosning asaridagi tasvirlardan Ibn Sino va Ismoil Jurjoniy kabi allomalarning keyinchalik koʻchirilgan qoʻlyozmalarida ham foydalanilgan. Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Faxriddin Ibragimov taʼkidlaganidek,

 

asardagi baʼzi tasvirlar ilgarigi yunon va lotin olimlaridan ilhomlangan boʻlishi mumkin, ammo homilador ayol tasviri asl ijod mahsuli hisoblanadi.



 

    Bu risolaning qoʻlyozmalari Oʻzbekiston, Eron, Hindiston, Yevropa va AQShdagi kutubxonalarda saqlanmoqda. Toshkentdagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida toʻrt nusxasi mavjud.

 

    “Tashrihi Mansuriy” oʻrta asr tibbiyotida inson anatomiyasini ilk rangli tasvirlagan asar sifatida ahamiyatlidir. Islom sivilizatsiyasi markazining Ikkinchi Renessans boʻlimi ekspozitsiyasida namoyish etilishi kutilayotgan ushbu meros islom sivilizatsiyasida ilm-fan taraqqiyoti va insonshunoslik borasidagi izchil rivojlanishni namoyon etadi.

 

Gavhar Eshonqulova

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin