18 avgust — Usmon Mushafi Toshkentga qaytgan kun
Musulmon olamining eng qimmatli xazinalaridan biri boʻlgan Usmon Mushafi (Qurʼonning eng qadimiy nusxalaridan biri) asrlar davomida turli tarixiy voqealarga guvoh boʻlib kelgan. Uning Turkistonga qaytishi va hozirgacha yetib kelishi diniy hamda madaniy merosimizning uzluksizligidan darak beruvchi muhim voqelikdir.
1924 yilda, yaʼni bundan 101 yil oldin, Usmon Mushafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan sharafli soqchilar kuzatuvida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelinadi. U bir muddat masjidda saqlanib, xavfsizlik nuqtai nazaridan keyinroq Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyiga (hozirgi Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi) topshiriladi.
1868 yilda (ayrim manbalarda 1869 yilda) Mushaf Samarqanddan Sankt-Peterburgga olib ketilgan va avval Rossiya xalq maorifi vazirligiga, keyinchalik esa Saltikov-Shchedrin kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda undan 50 nusxa olingan. Oktabr toʻntarishidan soʻng, musulmon ulamolarining iltimosiga koʻra, RSFSR hukumatining qarori bilan u musulmonlarga qaytariladi va Ufada saqlanadi. Shu tariqa 1924 yilda yana Turkistonga qaytib keladi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan Musulmonlar toʻrtinchi qurultoyida Usmon Mushafi yana musulmonlar ixtiyoriga topshirilgani eʼlon qilindi.
Usmon Mushafining Turkistonga qanday kelib qolgani haqida turli taxminlar mavjud. Ayrim olimlar uni Amir Temur Basradan olib kelgan, deb hisoblaydi. Boshqa tarixchilar esa Temurning Oltin Oʻrdaga yurishi davrida, Toʻxtamish ustidan qozongan gʻalabasidan keyin qoʻlga kiritilgan, degan fikrni bildirishadi.
Tarixda boshqa qarashlar ham uchraydi, ammo Mushafning Samarqandga keltirilishi Temuriylar davri bilan bogʻliqligi haqidagi fikrlar koʻproq qoʻllab-quvvatlanadi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Qurʼon zalida asosiy eksponat sifatida Usmon Mushafi joy oladi. Shuningdek, Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Temuriylar davrida yaratilgan Qurʼonlar nusxalari ham namoyish etilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Markaz tomonidan Usmon Mushafi tarixi, uning kelib chiqishi, paleografik xususiyatlari va diniy-maʼnaviy ahamiyati haqida “Usmon Mushafi tarixi” mavzusida ilmiy-ommabop kitob tayyorlanishi rejalashtirilgan.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
