“Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”da ajdodlar merosi yangicha tajribada kashf etilmoqda

 

🔴 Yurtimiz hududida qadimdan mavjud boʻlgan davlatlar
 
🔴 Buyuk shaxslar

 

🔴 Muhim kashfiyotlar zamonaviy muzeyshunoslik yondashuvida




    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida yaratilayotgan asosiy ekspozitsiyaning muhim qismlaridan biri — “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” keng jamoatchilik uchun taqdimotga tayyorlanmoqda.  

 

    Uzunligi 52 metr, balandligi 8 metr boʻlgan mazkur kompozitsiyaning “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” ekspozitsiyasi yurtimiz hududida qadimdan mavjud boʻlgan davlatlar, buyuk shaxslar va muhim kashfiyotlarni zamonaviy muzeyshunoslik asosida taqdim etilishi kutilyapti.

 

    Markazda ushbu ekspozitsiya konsepsiyasi yuzasidan ishchi guruhning yakuniy natijalarga bagʻishlangan muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda boʻlimning umumiy gʻoyasi, eksponatlarni joylashtirish tartibi, etiketaj matnlari va dizayn yechimlari atroflicha koʻrib chiqildi.



    Tadbir davomida har bir eksponatning nomi, tarixiy davri, topilgan hududi va ekspozitsion yoritilishi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent Obid Tangirov oʻz fikrida shunday dedi:

 

— Olimlarimiz bilan muhokamada mazkur ekspozitsiyadan oʻrin oladigan har bir manbaning nomi, hududiy, davriy mansubligi, asl nusxa yoki koʻchirma ekanligi aniq koʻrsatilishi kerak. Bu tashrif buyuruvchilar uchun maʼlumotni yanada ravshan va qiziqarli qiladi.

 

    Muhokama jarayonida arxeologlar bilan hamkorlikda har bir eksponatning ilmiy tavsifi, tarixiy manbasi va muzeydagi aniq joylashuvi boʻyicha maʼlumotlar tayyorlanayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, eksponatlarning asl nusxalarini asrab qolish va ularni xavfsiz sharoitda namoyish qilish maqsadida maxsus mulyajlar ishlab chiqilishi belgilandi.

 

    Boʻlimning asosiy gʻoyasi —  Oʻzbekiston hududida shakllangan sivilizatsiyalar, ularning moddiy va maʼnaviy merosi hamda jahon taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini yoritishdir.



 

    “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” ekspozitsiyasi nafaqat tarixiy maʼlumotlarni taqdim etadi, balki tashrif buyuruvchilarga oʻtmish nafasini his etish, ajdodlar merosini yangicha tajribada kashf etish imkonini beradi. Bu loyiha yurtimizning boy tarixiy merosini zamonaviy muzeyshunoslik talablari asosida kelajak avlodga yetkazishda muhim qadam boʻlishi kutilmoqda.