Buxorxudotlar va Varaxsha: Devorlarda bitilgan tarix

🔴 Qadimiy saroy sirlari

🔴 Sanʼat va qudrat maskani




    Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan Varaxsha saroyi maketi — bu VIII asrda Buxorxudotlar qarorgohi boʻlgan inshootning ilmiy asosda yaratilgan rekonstruksiyasidir. U Markaziy Osiyo shaharsozligi, mudofaa tizimi va saroy meʼmorchiligining oʻziga xos namunalarini aniq va vizual shaklda aks ettiradi. Shishkin boshchiligida 1937–1939 hamda 1947–1955-yillarda olib borilgan qazishmalar, 1986 va 1991-yillardagi qayta tadqiqotlar, shuningdek soʻnggi arxeologik topilmalar asosida ishlab chiqilgan.


    Maketda baland paxsa devorlar bilan oʻralgan sitadel, markaziy hovli va uch asosiy zal — Sharqiy, Gʻarbiy hamda Qizil zal joylashuvi toʻliq tiklangan. Ayniqsa, Qizil zal rekonstruksiyasi tarixiy ahamiyati bilan alohida ajralib turadi. VIII asrda bu zal devorlarini balandligi 1,63 metr va uzunligi 9,02 metr boʻlgan devoriy friz bezagan. Unda fil minib yovvoyi hayvonlar va afsonaviy mavjudotlar bilan jang qilayotgan qahramon tasviri ishlangan boʻlib, uning yirik boʻlagi hozirda Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitaji muzeyida saqlanadi.




    Varaxsha shahri Buxorodan 39–45 kilometr masofada joylashgan boʻlib, atrofida 12 ta sugʻorish kanali mavjud boʻlgan. Shahar Ipak yoʻlining gʻarbiy tarmogʻida muhim bekat sifatida xizmat qilgan. Maket tomoshabinga ushbu tarixiy manzarani ilmiy asoslangan, koʻrgazmali tarzda yetkazadi. Shu jihati bilan ekspozitsiya nafaqat tarixiy yodgorlikni jonlantiradi, balki Varaxshaning sivilizatsion ahamiyatini ham chuqur yoritadi.


     Tarixiy ahamiyati va meʼmoriy tuzilish


    VII asrda Varaxsha saroyi Buxorxudotlar qarorgohi boʻlib, Buxoro vohasining eng yirik siyosiy va madaniy markazlaridan biri sifatida tanilgan. Qalʼa baland paxsa devorlar bilan oʻralgan boʻlib, unda maʼmuriy binolar, hukmdor oilasining yashash xonalari, marosim zallari va xizmatkorlar turar joylari boʻlgan. Qalʼa devorlari ayrim joylarda 20 metr balandlikka yetgan, tashqi shahriston devorlari esa 10 metr boʻlgan. Gʻarbiy mudofaa minoralari orasidagi masofa oʻrtacha 30 metrni tashkil etgan va butun shahar atrofi suv bilan toʻldiriladigan xandaq bilan oʻralgan. Bu mudofaa tizimi shaharning xavfsizligini taʼminlashda muhim rol oʻynagan.




    Saroy ichki hovli atrofida qurilgan boʻlib, uch asosiy zal — Sharqiy zal, Gʻarbiy zal va Qizil zal — rasmiy uchrashuvlar va marosimlar uchun xizmat qilgan.


▪️Sharqiy zal devorlaridagi “koʻk fonli” kompozitsiya diqqatga sazovor. Unda qanotli tuyalarga tayangan taxtdagi hukmdor, yon tomonlarda esa olov mehrobi oldidagi diniy marosim sahnalari tasvirlangan. Bu, tadqiqotchilar fikricha, sogʻd zodagonlari orasida keng tarqalgan zardushtiy anʼanalar sanʼatdagi ifodasidir.


▪️Gʻarbiy zal sahnalarida jang va ov manzaralari ustunlik qiladi. Suvoriylarning yovvoyi hayvonlarni quvishi, nayza va kamon ishlatishdagi mahorati, hayvonlarning harakatdagi tasviri rassomning yuksak sanʼatkorligini namoyon etadi.


▪️Qizil zal saroyning eng boy bezatilgan qismi boʻlib, devoriy friz balandligi 1,63 metr va uzunligi 9,02 metr boʻlgan ikki qavatli (registrli) kompozitsiyadan iborat. Pastki qismda fil minib yoʻlbars, pantera va qanotli ajdarholar bilan jang qilayotgan qahramon tasviri joylashgan, yuqori qatlamda esa hayvonlarning tantanali yurish sahnasi aks ettirilgan.


     Sanʼat


    Qizil zal frizidagi markaziy qahramon obraziga turli ilmiy talqinlar berilgan. Baʼzi olimlar uni hind panteonidagi Indra bilan obrazi bilan bogʻlaydi. Fil tasviridagi anatomik oʻziga xosliklar — kichik bosh, kalta oyoqlar va pastki jagʻdan chiqqandek koʻrinuvchi tishlar — bu hayvon oʻsha davr mahalliy rassomlari uchun ekzotik boʻlganidan dalolat beradi. Frizning yirik boʻlagi Sankt-Peterburg Davlat Ermitaji fondida saqlanadi, qolgan qismlari esa Oʻzbekiston va Rossiya muzeylarida mavjud.


     Mudofaa va suv taʼminoti tizimi


    Varaxsha shahri mustahkam mudofaa tizimiga ega boʻlgan. Qalʼa devorlari, minoralari va suv xandaqlari shahar xavfsizligini taʼminlagan. Narshaxiy yozuvlariga koʻra, bu yerda Zarafshon daryosidan suv oluvchi 12 ta sugʻorish kanali faoliyat koʻrsatgan. Ular shahar va atrof qishloqlarni sugʻorishda muhim rol oʻynagan. VIII–IX asrlarda bu tizimning izdan chiqishi aholi sonining kamayishiga va shahar tanazzuliga sabab boʻlgan.


     Arxeologik topilmalar


    1937–1939 va 1947–1955 yillardagi qazishmalarda sopol idishlar, bronza va temirdan yasalgan asboblar, zeb-ziynatlar hamda ganch oʻymakorligi namunalari topilgan. Ganch bezaklar murakkab geometrik va oʻsimliksimon naqshlar bilan ishlangan va devoriy rasmlar bilan uygʻunlashtirilgan. 2020-yilgi tadqiqotlar davomida XI–XII asrlarga oid 100 dan ortiq mis, bronza, kumush va qoʻrgʻoshin buyumlar aniqlangan. Bu topilmalar Varaxshada oʻrta asrlarda ham hunarmandchilik va xoʻjalik faoliyati davom etganini koʻrsatadi.




    Varaxsha saroyi — bu faqat qadimgi Buxoroxudotlar qarorgohi emas, balki Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining siyosiy, madaniy va sanʼat yuksakligini mujassam etuvchi noyob yodgorlikdir. VIII asr devoriy rasmlari, murakkab ganch oʻymakorligi, keng koʻlamli meʼmoriy rejalashtiruvi va mustahkam mudofaa tizimi shahar oʻz davrida nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro ahamiyatga ega boʻlganini koʻrsatadi. Ipak yoʻli boʻyida joylashgan Varaxsha Sharq va Gʻarb madaniyatlarining uchrashuv nuqtasi boʻlib xizmat qilgan.


    Bugungi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi Varaxsha saroyi maketi ushbu yodgorlik tarixini keng jamoatchilikka ilmiy asosda yetkazib beruvchi muhim vositadir. U yosh avlod va tadqiqotchilarni oʻzining betakror sanʼati, meʼmoriy yechimlari va tarixiy ahamiyati bilan maʼnaviy ozuqa beradi.

 

Husan TURSUNOV

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin