Tarixiy eksponatlar uchun xalqaro talablarga mos ilmiy pasport tayyorlash boshlandi

 

🔴 Tadqiqotchilar va ilmiy kataloglar uchun asosiy manba

 

🔴 Islomdan avvalgi davrning madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatlari maxsus matnlarda 



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari boʻlimi uchun annotatsiya va izoh matnlarini yakunlash ishlari qizgʻin davom etmoqda. Bugungi ilmiy muhokamada tarixchilar, arxeologlar, etnograflar va muzeyshunoslar ishtirokida eksponatlar haqidagi maʼlumotlar puxta tahlil etildi.

 

    Annotatsiyalar — eksponat yonida joylashadigan qisqa, biroq mazmunli matnlar boʻlib, mehmonlarga artefaktning nomi, topilgan joyi, mansub asri, zarur hollarda yaratuvchisi yoki aloqador tarixiy shaxs haqida aniq maʼlumot beradi. Ular avval oʻzbek tilida yozilib, soʻng bir nechta xorijiy tillarga tarjima qilinadi.

 

    Tarix fanlari doktori Jannat Isloilovaning taʼkidlashicha,

 

har bir tarixiy boʻlim uchun alohida kengaytirilgan matnlar ham tayyorlanmoqda. Masalan, qadimgi Baqtriya, Sugʻd va Xorazm sivilizatsiyalari boʻlimlarida maxsus matnlar orqali oʻsha davrning madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatlari yoritiladi.

 

    Ayrim eksponatlar yonida sunʼiy sugʻorish tizimlarini aks ettirgan maketlar oʻrnatiladi, LED ekranlarda esa qisqa videoroliklar namoyish etiladi. Bu orqali mehmonlar koʻrayotgan artefaktning mohiyatini chuqurroq anglaydi.

 

    Muhokamada shuningdek, har bir eksponat uchun xalqaro talablarga mos ilmiy pasport tayyorlanishi maʼlum qilindi. Ushbu hujjatlar tadqiqotchilar va ilmiy kataloglar uchun asosiy manba boʻlib xizmat qiladi.



 

    Yigʻilishda numizmatlar — tangalar, etnograflar — xalq turmushi buyumlari, arxeologlar — qazilma topilmalar haqidagi maʼlumotlarni qayta koʻrib chiqib, annotatsiyalarni boyitish taklifi kiritildi.

 

    Turli sohalar mutaxassislarining hamkorligi natijasida har bir artefakt haqidagi maʼlumotlar xalqaro talablarga moslashtirilayotgani, kelgusida markazning jahon muzeylari qatorida munosib oʻrin egallashini taʼminlaydi.