Noyob asarlar va interaktiv tarix: “Ikkinchi Renessans” ekspozitsiyasining soʻnggi tayyorgarliklari qizgʻin davom etmoqda

 

🔴 Zamonlar muloqotining interaktiv imkoniyati 

 

🔴 Tarixiy qoʻlyozmalardan QR-kodlargacha... 



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasining “Ikkinchi Renessans” boʻlimida eksponatlarning joylashuvi, etiketlar matni va vitrinalar dizayni boʻyicha muhim qarorlar qabul qilindi.

 

    Ishchi guruh rahbarlari va aʼzolari ishtirokida eksponatlarni muzeyda joylashtirishning yakuniy bosqichlari doirasida oʻtkazilgan yigʻilishda Amir Temur, Shohrux Mirzo, Mirzo Ulugʻbek, Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy, Temuriy malikalar va Boburiylar tarixiga bagʻishlangan sektorlarda namoyish etiladigan noyob asarlar, qoʻlyozmalar, badiiy buyumlar va miniatyuralarning vizual uslubi yuzasidan takliflar bildirildi. Ishchi guruh rahbari va tarkib aʼzolari har bir eksponatning kelib chiqishi, davri va ilmiy qiymatini puxta oʻrganib, maʼlumotlarni toʻldirish va mazmunni yanada jozibador qilish boʻyicha fikr almashishdi.

 

    Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Xurshid Fayziyevning taʼkidlashicha, 

 

eksponatlarning joylashuvi va ularni tavsiflovchi etiketlar boʻyicha yakuniy kelishuvga erishildi. Bu qaror, avvalo, ekspozitsiyaning ilmiy va madaniy qiymatini oshirish hamda dunyo muzeyshunoslik anʼanasiga mos tarzda taqdim etishga xizmat qiladi.



 

    Boʻlim konsepsiyasida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish koʻzda tutilgan. 

 

    Har bir eksponat haqida oʻzbek va ingliz tillarida maʼlumot taqdim etiladi, yonidagi QR-kodlar orqali esa yetti tilda qoʻshimcha maʼlumot olish imkoni yaratiladi. Mirzo Ulugʻbek va Bobur sektorlaridagi interaktiv ekranlar orqali ularning hayoti, faoliyati hamda davr sanʼati va madaniyati haqida videomateriallar namoyish etiladi.

 

    Ekspozitsiyada “Temur davrida koʻchirilgan Qurʼon varaqlari”, “Hofiz-i Abru dunyo xaritasi”, “Ibrohim Sulton sovuti”, “Temuriylar davriga oid noyob xalat”, “Shohrux Mirzo nishoni”ning elektron nusxasi, “Bibixonim kiyimi”, “Temuriy malikalar rasmlari” kabi qimmatli eksponatlar namoyish etilishi rejalashtirilgan.

 

    Sektor peshtoqlari dizayni ham alohida eʼtiborga loyiq: Amir Temur sektorida — Bibixonim masjidi naqshlari, Shohrux Mirzo sektorida — Gavharshodbegim madrasasi bezaklari, Husayn Boyqaro sektorida esa Mozori Sharifdagi Moviy gumbaz peshtoqlari tasvirlari qoʻllaniladi. Bu yechim tashrif buyuruvchilarga tarixiy muhitni yanada chuqur his etish imkonini beradi.

 

    Mutaxassislar fikricha, “Ikkinchi Renessans” boʻlimida olib borilayotgan ishlarning zamonaviy texnologiya va boy tarixiy meros uygʻunligi kelgusida Islom sivilizatsiyasi markazini nafaqat mamlakatda, balki xalqaro miqyosda ham eng nufuzli ilmiy-madaniy maskanlardan biriga aylantiradi.