Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining Qurʼon zali boʻyicha ishlar qay bosqichda?
🔴 Asrlar orqali maʼnaviyat sayohati
🔴 Dizayn va maʼrifat uchrashgan maskan
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi shtab yigʻilishida ishchi guruh aʼzolari Qurʼoni karim zali ekspozitsiyalarining joylashuvi, vitrinalar dizayni hamda eksponatlar etiketaji kabi muhim masalalarni atroflicha muhokama qilishdi.
Yigʻilish davomida zalning konsepsiyasi, tarixiy va madaniy ahamiyatga ega eksponatlarni taqdim etish uslublari, ularning zamonaviy texnologiyalar yordamida namoyish etilishi boʻyicha takliflar bildirildi. Shuningdek, ekspozitsiyalarning joylashuvi hamda ziyoratchilarga qulaylik yaratish boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi.
Aytib oʻtish joizki, Qurʼon zali Islom sivilizatsiyasi markazining eng asosiy boʻlimlaridan biri boʻlib, u VII asrdan to hozirgi davrgacha boʻlgan muqaddas kitobning tarixiy nusxalari, qoʻlyozmalari va noyob nashrlarini oʻz ichiga oladi. Bu zal nafaqat ilmiy-tadqiqot jihatidan, balki maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati bilan ham alohida oʻrin tutadi.
“Qurʼoni karim zali Islom sivilizatsiyasi markazi uchun muhim boʻlgan eng asosiy boʻlimlardan biri ekanligi barchaga maʼlum. Shunday ekan, dolzarb jarayonlarda ushbu boʻlimda eng sara va kerakli boʻlgan eksponatlarni joylashtirish, Qurʼoni karimdan nodir nusxalarni taqdim etish asosiy vazifalarimizdandir. Shu boisdan ham aytish kerakki, oldimizda juda masʼuliyatli vazifalar bor. Ishonchni oqlash va savobli ishlar yoʻlida bardam boʻlishimiz lozim.”, - dedi Islomshunoslik fanlari doktori Mirjalol Qosimov.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, mazkur boʻlim boʻyicha ishlar deyarli yakuniy bosqichga kirgan boʻlib, har bir detalning mukammal boʻlishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qurʼon zali va boshqa ekspozitsiyalar milliy merosimizni keng jamoatchilikka, ayniqsa yosh avlodga yetkazishda muhim oʻrin tutadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
