Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yanada masʼuliyatli va jiddiy bosqich


🔴 Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasida 90 foizlik natija 

 

🔴 Eksponatlar uchun maxsus talablar 



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida eksponatlarni, noyob asori-atiqalarni muzey ekspozitsiyasiga joylashtirishga tayyorgarlik jarayoni qizgʻin pallaga kirgan. Markazda tahliliy  ruhda boʻlib oʻtgan navbatdagi muhokama yigʻilishida maʼlum qilinishicha, hozirda Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari boʻlimining asosiy ishlari qariyb 90 foizga yakunlangan.

 

    Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida oʻtkazilgan yigʻilishda Turkiyaning Outdoor Factory kompaniyasi direktori Sinan Turaman,  tarix fanlari doktori Jannat Ismoilova va masʼul xodimlar ishtirok etib, yakunlovchi bosqichdagi ishlar boʻyicha taklif va tavsiyalarini bildirdi. 

 

   Qurilish ishlari deyarli yakuniy bosqichga kirib boʻlgan Markaz muzeyi ekspozitsiyasiga noyob asori-atiqalarni joylashtirish bu oʻta masʼuliyatli va murakkab bosqich hisoblanadi. Ana shuni inobatga olgan holda har bir eksponat maxsus qutilarda ehtiyotkorlik bilan joylashtirilish, transport jarayonida butligini taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Shuningdek, xavfsizlikka rioya qilgan holda eksponatlar belgilangan joyiga oʻrnatiladi.

 

    Tarix fanlari doktori Jannat Ismoilovaning taʼkidlashicha, konsepsiyani ishlab chiqish jarayonida ortiqcha bezaklar, haddan tashqari animatsiya yoki sahnaviy yechimlardan voz kechish toʻgʻrisida kelishuvga erishilgan. Bu qaror ekspozitsiyaning ilmiy va madaniy qiymatini asrab qolish hamda uni jiddiy muzey anʼanasiga mos holda taqdim etish maqsadida qabul qilingan.



 

    Qayd etilishicha, yangicha muzey konsepsiyasida zamonaviy axborot texnologiyalari keng qoʻllanadi: barcha maʼlumotlar oʻzbek va ingliz tillarida taqdim etiladi, eksponatlar yonidagi QR-kodlar orqali esa maʼlumotni sakkiz tilda olish imkoni yaratiladi. Bu xalqaro turistlar va mahalliy aholi uchun ekspozitsiya bilan tanishish jarayonini ancha yengillashtiradi.

 

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ishlar tez surʼatda amalga oshirilmoqda va ekspozitsiya toʻliq foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.