Shahar ichidagi shaharcha
🔴 Hunar va hokimiyat maskani
🔴 Asrlar tayanchi, zamon koʻzgusida
Oʻzbek xalqi hayotida “mahalla” soʻzi oddiygina hududiy birlikdan koʻra kengroq, chuqurroq maʼnoga ega. Bu atama arabcha boʻlib, “oʻrin-joy” maʼnosini bildiradi. Tarixiy jarayonlar davomida turli hududlarda u “mahallot”, “guzar”, “jamoa”, “elat” kabi nomlar bilan ham atalgan. Hozirgi kunda esa u nafaqat maʼmuriy birlik, balki oʻzaro hurmat, hamjihatlik va jamoaviy masʼuliyatning eng yaqqol ifodasidir.
Tarixiy ildizlari
Mahalla tarixi insoniyatning dastlabki jamoa tuzilmalari bilan chambarchas bogʻliq. Arxeologik manbalarga koʻra, jez davrida Sopollitepa yodgorligida 8 ta oila bir hududda yashagan boʻlib, ularni faqat urugʻchilik emas, balki umumiy ishlab chiqarish manfaatlari ham birlashtirib turgan. Vaqt oʻtishi bilan patriarxat tizim asosida oilalar soni yuzdan oshib, jamoani oqsoqollar boshqara boshlagan. Oqsoqollar esa oliy kengashga birlashib, qishloq hayoti, sulh tuzish, soliqlarni belgilash va jamoaviy ishlarni tashkil etish kabi masalalarni hal qilgan.
Miloddan avvalgi III asrdan milodiy V asr boshlarigacha Fargʻona (Parkana) davlatida oqsoqollar kengashi siyosiy va ijtimoiy hayotning muhim qarorlarini qabul qilgan. Bu anʼana keyingi asrlarda ham davom etib, mahalla boshqaruvi jamoaviy kelishuv va oʻzaro masʼuliyatga asoslangan boʻlib qolgan.
Narshaxiy oʻzining “Buxoro tarixi” asarida bundan 1100 yil avval Buxoroda bir nechta mahallalar boʻlganini qayd etadi. Alisher Navoiy esa “Hayrat ul-abror”da mahallani “shahar ichidagi shaharcha” deb taʼriflaydi. Amir Temur davrida esa mahallalar hunar asosida shakllangan: zargarlik, misgarlik, koʻnchilik, pichoqchilik va boshqa koʻplab kasblar nomi bilan atalgan. Mahalla nafaqat yashash joyi, balki mahalliy hokimiyatning oʻziga xos shakli boʻlib, yozilmagan ichki tartib-qoidalarga ega edi.
“Oʻtmish sarqiti” emas aksincha...
Mahalla — kichik maʼmuriy hudud boʻlish bilan birga, umumiy qadriyatlar, anʼanalar va urf-odatlar bilan bogʻlangan kishilar jamoasidir. Ular marosimlarni birgalikda oʻtkazish, hududni obodonlashtirish, yoshlarni tarbiyalash, tartibni saqlash, rasm-rusumlarni kuzatish kabi vazifalarni ado etishgan. Hashar orqali ariqlar tozalanib, koʻchalar taʼmirlangan, ijtimoiy birdamlik mustahkamlangan.
XX asr boshlarida mahallalarni oqsoqollar boshqargan. Yuzboshi va uning yordamchilari jamoat ishlarini yuritib, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilgan. Ammo sovet davrida mahallalar “oʻtmish sarqiti” sifatida koʻrilib, ularning huquq va vakolatlari cheklangan. Shunga qaramay, mahalla oʻzining yashovchanligini namoyon etib, anʼanalarini saqlab qoldi.
Mustaqillik davrida mahalla tiklanishi
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, mahallaning davlat va jamiyat hayotidagi oʻrni qayta tiklandi. 1993 yilda qabul qilingan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi qonun asosida mahallalar yuridik shaxs maqomiga ega boʻldi. Ular oʻz mol-mulki, byudjeti va hisob raqamiga ega boʻlib, hududida ishlab chiqarish tashkil etish, kichik korxonalar ochish, ehtiyojmandlarga yordam berish, aholiga xizmat koʻrsatish huquqiga ega boʻldi.
1993 yil 17 avgustda “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi tashkil etilib, kam taʼminlangan oilalar, keksalar, nogironlar, koʻp bolali oilalar va yetim-yesirlarning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar yoʻlga qoʻyildi. “Mahalla” gazetasi esa bu sohadagi faoliyatni yoritib bordi.
Mahalla yurtimizda tinch-osoyishta hayotni taʼminlash, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga — doʻstona qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, gʻamxoʻrlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos oʻrin tutadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi PF–209-son farmoni va PQ–402-son qaroriga muvofiq “Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi” tashkil etildi. Bu islohotlar mahalla institutining jamiyatdagi rolini yanada oshirishga va uni aholi muammolarini hal etishda “birinchi boʻgʻin” sifatida mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu kabi islohotlarni koʻplab keltirish mumkin.
Yangi Oʻzbekiston mahallasi
Bugungi kunda mahalla konsepsiyasi yangi bosqichga chiqmoqda. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi doirasida yaratilayotgan “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” boʻlimida maxsus mahalla maketi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu boʻlimda tomoshabin goʻyoki haqiqiy zamonaviy oʻzbek mahallasida yurgandek his qiladi.
Eng qiziqarli jihati shundaki, ekspozitsiya birgina hududni emas, balki turli mintaqalardagi ilgʻor tajribalarni jamlaydi. Masalan, “Mahalla yettiligi” tizimi orqali fuqarolar soliqlarni toʻlash, xizmatlardan foydalanish uchun tuman markaziga bormasdan, bevosita mahallaning oʻzida barcha ishlarni hal qilishi mumkinligi amaliy misollar bilan koʻrsatib beriladi.
Loyiha doirasida har bir mahallaning tarixiy, madaniy va ijtimoiy jihatlarini qamrab oluvchi raqamli katalog yaratiladi. Ilmiy ishlanmalar, hujjatli va qisqa metrajli filmlar tayyorlanib, 3D formatida namoyish etiladi. Bu nafaqat mehmonlarga, balki oʻzbekistonliklarga ham mahalla institutining naqadar noyob va oʻziga xos ekanini yanada chuqurroq anglash imkonini beradi.
Ekspozitsiya boʻylab sayr qilgan tomoshabin Yangi Oʻzbekiston qiyofasini bosqichma-bosqich his qiladi. Mahalla — oʻzbek jamiyatining asrlar sinovidan oʻtgan tayanchi ekanini, undagi inson qadri va ijtimoiy birdamlik tushunchalari esa bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmaganini anglaydi.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
