Eron milliy kutubxonasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xonasi tashkil etildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyodagi eng nufuzli ilmiy-maʼrifiy maskanlardan biri boʻlishi kutilmoqda. Bu Markaz islom dini, madaniyati va maʼrifatini, dunyo olimlarining jahonga qoʻshgan bebaho hissasini keng namoyish etishni maqsad qilgan. Shu yoʻlda bir necha xorijiy davlatlar, xususan, Eron Islom Respublikasi bilan ham hamkorlik aloqalarini olib bormoqda. Ana shu hamkorlik samarasi oʻlaroq Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi ushbu mamlakatda xizmat safarini amalga oshirmoqda. Safarning maqsadi esa birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalarni jadallashtirish, Islom sivilizatsiyasi markazi ochilish marosimida Eron kutubxona va muzeylarida saqlanayotgan qimmatli eksponatlarni namoyishga jalb etishdir.
Bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Oʻzbekiston Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Fariddin Nasriyev, Eron Islom Respublikasi Milliy arxivi va kutubxonasi rahbari Gʻulomrizo Amirxoniy, shuningdek, kutubxona xodimlari va Markaz xodimlari oʻrtasida onlayn muloqot boʻlib oʻtdi.
Eron Islom Respublikasi Milliy arxivi va kutubxonasi rahbari Gʻulomrizo Amirxoniy soʻzga chiqib, Oʻzbekiston bilan munosabatlar kundan-kunga yuqori bosqichga chiqayotganini yuqori baholadi.
– Oʻzbekiston delegatsiyasini qabul qilish va mushtarak merosimizni, bu yerda saqlanayotgan Oʻzbekiston bilan bevosita aloqador boʻlgan osori-atiqalar bilan sizlarni tanishtirishdan mamnunmiz. Ikki davlat rahbarlarining doʻstona munosabatlari samarasi oʻlaroq bugun kutubxonamizda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xonasi ochilayotgani doʻstlikning yaqqol timsolidir. Markaz ochilishida muvaffaqqiyat va megaloyiha ishiga omadlar tilab qolamiz, – dedi u.
Muloqot chogʻida Eron Islom Respublikasi Milliy arxivi va kutubxonasi faoliyati va tarixiga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi. Unda 12 ta zal mavjud boʻlib, eng nodir qoʻlyozmalarni ham oʻz ichiga olgani taʼkidlandi. Shuningdek, kutubxona fondidan bir qator movarounnahrlik Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Tusiy, Muso Xorazmiy kabi allomalar asarlari oʻrin olgan. Kutubxonada eronshunoslik va islomshunoslik zallari mavjud.
Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Fariddin Nasriyev soʻzga chiqib, bu kabi ilmiy uchrashuvlar ortida davlatlar oliy rahbarlarining oʻrni beqiyos ekanligini taʼkidladi.
– Eron milliy kutubxonasi tarkibida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi ochilayotgani bilan har ikki tomonni chin dildan tabriklayman. 2023 yil Oʻzbekiston Prezidentining Eron Islom Respublikasiga tashrifi davomida oʻtkazilgan muzokaralarda ikki mamlakat hamkorligining yangi ustuvor yoʻnalishlari belgilab berilgan. Ilmiy, maʼrifiy-madaniy yoʻnalish doirasidagi hamkorliklar samarasi oʻlaroq, Eron milliy kutubxonasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xonasi ochildi, – dedi elchi.
Shundan soʻng Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov soʻzga chiqib, mazkur hamkorliklar ikki mamlakat rahbarlarining madaniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi ustuvor vazifalari ijrosining yana bir yangi qadami ekanligini eʼtirof etdi.
– Oʻzbekistonning maʼnaviy-madaniy merosini keng targʻib qilish maqsadida dunyodagi bir necha nufuzli Milliy kutubxonalar va muzeylarda ham Markazning alohida xonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Qatar, Turkiya, Birlashgan Arab amirliklari kabi davlatlardagi milliy kutubxonalar va muzeylar bilan hamkorlik muzokaralari olib borilmoqda. Eron Islom Respublikasidagi Milliy arxivi va kutubxonasida ilk bor Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xonasining ochilishi ham hurmatli Prezidentimizning Markaz oldiga qoʻygan vazifalari ijrosining yana bir yangi qadamidir, – dedi Markaz direktori.
Shuningdek, uchrashuv davomida hozirda Tehronda boʻlib turgan Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov delegatsiyaning xizmat safari doirasida aniqlangan osori-atiqalar haqida maʼlumot berdi.
– Eronning Saʼdobod harbiy muzey majmuasida buyuk sohibqiron Amir Temurga tegishli boʻlgan ikkita qilich saqlanmoqda. Bu qilich uzoq vaqtlar davomida Eron hukmdorlarining eng qimmatli boyligi hisoblangan va ular Amir Temurga boʻlgan hurmat hamda intilish yuzasidan ularni nihoyatda ehtiyotkorlik bilan koʻz qorachigʻiday asrab kelishgan. Ayni paytda bu ikkita qilich Saʼdobod harbiy muzeyining eng qimmatli eksponatlaridan hisoblanadi. Ushbu qilichning dastasida "Yo Fattoh" kalimasi yozilgan. Shuningdek, Ostoni Qudsi Razaviy kutubxonasida XVII asrda Xiva xonligini boshqargan Abulgʻozi Bahodirxonga tegishli boʻlgan asl farmon nusxasi saqlanmoqda. Shuningdek, mazkur kutubxonada XV asr boshlarida Temuriyzoda hukmdor Ibrohim Sulton tomonidan koʻchirilgan Qurʼoni Karimning saylanma nusxasi ham mavjud boʻlib, bir qator suralarni oʻz ichiga oladi. Mushaf oʻsha davrdagi eng yirik Qurʼon qoʻlyozmalaridan biri sifatida tarixiy va badiiy jihatdan beqiyos ahamiyatga ega, – dedi Rustam Jabborov.
Tadbir oxirida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirigʻi asosida nashr etilgan “Katta Langar Qurʼoni”ni Markaz delegatsiyasi tomonidan Eron Islom Respublikasi Milliy arxivi va kutubxonasi rahbari Gʻulomrizo Amirxoniyga topshirildi.
Eron Milliy kutubxonasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi uchun alohida xona ochilishi ikki davlat oʻrtasidagi madaniy va ilmiy hamkorlikning yangi bosqichga koʻtarilganini koʻrsatadi. Uchrashuvda har ikki tomon bu qadamni doʻstlik va mushtarak meros ramzi sifatida baholadi. Tadbir ikki davlat ilmiy, madaniy va maʼrifiy hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
