“Vaqt devori”da tarixiy aniqlikka alohida eʼtibor berilmoqda
🔴Maʼnaviy meros haqiqiy qiyofasini topmoqda
🔴Xronologiya va tarixiy izchillik asosiy muhim talab
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining “Vaqt devori” ekspozitsiyasi nafaqat vizual, balki maʼnaviy va ilmiy mazmun kasb etishi uchun olimlar tinimsiz harakat qilishyapti.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Vaqt devori” ekspozitsiyasini takomillashtirish ishlari izchil davom etmoqda. “Kashfiyotlar, shaxslar va sivilizatsiyalar devori” deb nomlangan ushbu boʻlimda “Ikkinchi Renessans” va “Xonliklar davri” boʻlimiga oid tarixiy materiallar qayta koʻrib chiqilmoqda.
Markazda oʻtkazilgan muhokama jarayonida tarixiy maʼlumotlarning aniqligi va mazmunni yanada boyitish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Munozaralarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, professor Baxtiyor Karimov hamda Rossiyaning “Planet 9” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Professor Baxtiyor Toʻrayev taʼkidlaganidek, ekspozitsiyada oʻsha davrdagi arxitektura va meʼmoriy yutuqlar, sanʼat, adabiyot, fan va madaniyat sohasidagi katta yutuqlarni alohida va koʻzga koʻrinarli tarzda aks ettirish zarur. Shuningdek, ayrim meʼmoriy yodgorliklarning xronologiyasiga eʼtiborli boʻlish taʼkidlandi. Masalan, Oqsaroy avval, Mirzo Ulugʻbek madrasasi esa 1417–1420 yillarda qurilgani taʼkidlanib, ekspozitsiyada joylashtirishda ana shu xronologiyaga asoslanishi qayd etildi.
Muhokamada, shuningdek, ayrim davrlar bilan bogʻliq yirik shaxslar — Shayboniyxon, Bobur kabi davlat arboblari va mutafakkirlarning ismlari ekspozitsiyada koʻzga tashlanadigan darajada ifoda etilishi, yaʼni ularning nomlari yirik shriftlarda va diqqatni tortadigan tarzda yozilishi taklif qilindi.
Markaz mutaxassislariga koʻra, mazkur oʻzgarishlar “Vaqt devori”ni nafaqat vizual jihatdan, balki maʼnaviy va ilmiy mazmun jihatdan ham yanada boyitadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
