“Oʻzbekiston XX asrda” — animatsiya va tarix uygʻunligidagi ekspozitsiya ishlari yakuniy bosqichda
🔴Milliy uygʻonishdan Mustaqillik bayramigacha
🔴 Vaqt va voqealar panoramasi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Oʻzbekiston XX asrda” boʻlimi ekspozitsiyasini yaratish ishlari yakuniy bosqichga kirdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi va gʻoyasi asosida ishlab chiqilayotgan ushbu boʻlim mamlakatimiz tarixidagi muhim davrlar — jadidchilik harakati, sobiq sovet davri va mustaqillik yillarini qamrab oladi.
Ekspozitsiyaning birinchi qismi — Jadidchilik davri. Unda yangi usul maktablarining tashkil etilishi, gazeta-jurnallar nashri, darsliklar yaratilishi, teatr sanʼatining rivojlanishi va madaniy-maʼrifiy markazlar faoliyati aks ettiriladi. Shuningdek, jadidlar faoliyati va ularning taqdiri haqida maʼlumotlar beriladi.
Ikkinchi qismi — sobiq sovet davri. Bu boʻlimda ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy jarayonlar, Boboxonovlar sulolasining diniy hayotni saqlab qolish yoʻlidagi xizmatlari, Sharof Rashidovning siyosiy faoliyati, metropoliten va boshqa yirik inshootlar qurilishi hamda oʻsha davrdagi qiyinchiliklar yoritiladi.
Uchinchi qismi — mustaqillik davri. Bu yerda davlat ramzlarining qabul qilinishi, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, milliy va diniy qadriyatlarning tiklanishi, Navroʻz va diniy bayramlarning rasmiy dam olish kuni sifatida belgilanishi, milliy armiya va iqtisodiyotning rivojlanishi, Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish yoʻlidagi tashabbuslar aks ettiriladi.
Muhokama yigʻilishida loyiha mualliflari, tarixchi-mutaxassislar va Rossiyaning “Sila sveta” kompaniyasi dizaynerlari ishtirok etdi. Ular ekspozitsiya tuzilishi, mazmuni va joylashtiriladigan eksponatlar, hujjatlar hamda namoyon etiladigan tarixiy jarayonlarning animatsiya va videolavhalar orqali taqdim etilishi yuzasidan kelishuvga erishdi.
Dizaynerlar taklif etgan konsepsiyada tarixiy voqealar yorqin va taʼsirchan tarzda ekranda namoyon etiladi.
Masalan:
▪️ Ikkinchi jahon urushi yillarida Toshkentga kelgan rus ziyolilari manzarasi berilishi, shu jumladan Anna Axmatovaning poytaxt haqida aytgan soʻzlari yangrashi koʻzda tutilgan. Urushga ketgan ikki millionga yaqin oʻzbekistonlik haqidagi maʼlumotlar, boʻsh dala, kanal qurilishi, paxta yigʻimi va sanoatlashuv jarayonlari animatsiya orqali ketma-ket namoyon boʻladi.
▪️Toshkent zilzilasi sahnasida ekranda yorilish effekti paydo boʻlib, keyin shunday «yorilgan» tasvir ortida shaharning qayta tiklanish jarayoni koʻrsatiladi. Arxiv fotosuratlari va kinoxronika lavhalari orqali oʻsha yillardagi madaniy obʼektlar, kolxoz hayoti, qurilish ishlari jonlantiriladi.
▪️Mustaqillikka bagʻishlangan qismda esa bayramona ruh ustuvor boʻlib, poytaxtning ramziy manzillari, Milliy armiya, iqtisodiyot va madaniy yuksalish, mustaqillik ramzlari ekranda ketma-ket ochiladi. Oʻzbekiston gerbi bosqichma-bosqich yigʻilib, uning zamirida milliy bayroq va musiqa ohanglari uygʻunlashadi.
Asosiy maqsad — tarixiy voqealarni uygʻun uslubda, animatsiya va jonli sahnalar uygʻunida, izchil hikoya sifatida tomoshabinga yetkazish.
Markaz mutasaddilarining taʼkidlashicha, yangilangan ekspozitsiya XX asr Oʻzbekistoni tarixi haqidagi bilimlarni zamonaviy, taʼsirli va vizual boy formatda taqdim etadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
