Eronda Temuriylar davriga oid nodir qoʻlyozma va Abulgʻozi Bahodirxon farmonining nusxasi topildi
🔴Noyob topilma Oʻzbekistonga qaytishi va madaniy merosimizga yangi qoʻshilma boʻlishi kutilyapti
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi Eron Islom Respublikasida xizmat safari davomida XV asrga oid nodir Qurʼon qoʻlyozmasi va Abulgʻozi Bahodirxon farmonining nusxasi mavjudligini aniqladi.
Taniqli olim Abdulaziz Mansur, mashhur xattot Habibulloh Solih, Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov, boʻlim boshligʻi Xusrav Hamidovdan iborat delegatsiya Tehron, Mashhad va Tus shaharlarida qator uchrashuvlar oʻtkazdi. Ular xizmat safari davomida Oʻzbekistonning boy ilmiy va madaniy merosi, shu jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilayotgan ekspozitsiyalar, elektron kutubxona va raqamlashtirish loyihalari haqida maʼlumot berdi.
Tashrif doirasida mahalliy kutubxonalar, muzeylar va qoʻlyozma markazlarida yurtimiz tarixiga oid qator manbalar oʻrganildi. Ayniqsa, Mashhaddagi Ostoni Qudsi Razaviy kutubxona, arxivlar va hujjatlar boshqarmasiga tashrif chogʻida noyob topilma – XV asr boshlarida Temuriyzoda hukmdor Ibrohim Sulton tomonidan koʻchirilgan Qurʼoni Karimning saylanma nusxasi topildi.
Ushbu mushaf oʻsha davrning eng yirik qoʻlyozmalaridan biri boʻlib, bir qator suralarni oʻz ichiga oladi. U Temuriylar davri kitobat sanʼatining noyob namunasi sifatida ajralib turadi: rang-barang va bejirim naqshlar, yuqori darajadagi xattotlik uslubi, til va yozuvning oʻta nafisligi unga badiiy qimmat bagʻishlaydi.
Markaz mutasaddilariga koʻra, mazkur asarni Oʻzbekistonga olib kelish va keng jamoatchilikka namoyish etish masalasi boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda. Agar reja amalga oshsa, mamlakatimizdagi Qurʼon qoʻlyozmalari toʻplami yana bir tarixiy va maʼnaviy durdona bilan boyiydi.
Shuningdek, Mashhadda Abulgʻozi Bahodirxon farmonining nodir nusxasi aniqlandi. Mazkur xazinada XVII asrda Xiva xonligini boshqargan Abulgʻozi Bahodirxonga tegishli boʻlgan asl farmon nusxasi saqlanmoqda. Mazkur tarixiy hujjatda hukmdorning janglarda yuksak qahramonlik va sadoqat koʻrsatgan sarkardalarni munosib taqdirlash, ularga ehtirom koʻrsatish va mukofotlash haqidagi amri yozilgan.
Bu farmon nafaqat oʻsha davr siyosiy va harbiy hayotidan guvohlik beruvchi muhim manba, balki XVII asr mumtoz oʻzbek tilining leksik boyligi, uslubiy xususiyatlari va xattotlik anʼanalarini oʻrganishda ham beqiyos ahamiyatga ega. Qoʻlyozmadagi yozuv uslubi, qoʻllanilgan iboralar va til qurilishi oʻsha davr yozma merosining oʻziga xos namunasidir.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabbarovning taʼkidlashicha, ushbu nodir qoʻlyozma nusxasini kelgusida markaz ekspozitsiyalarida namoyish etish rejalashtirilgan. Bu nafaqat ilmiy jamoatchilik, balki keng aholi qatlamlari uchun ham tarixiy merosimizdan yana bir qimmatli namuna bilan tanishish imkonini yaratadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
