Qadimiy qalʼalar, abadiy olov va raqamli taʼlim: Xorazm tarixiga 3D nigoh


🔴 Ming yillik sivilizatsiya

 

🔴 Qumlar ostidagi madaniyat endi ekranlarda porlaydi




    Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining qadimgi Xorazm ekspozitsiyasi nafaqat arxeologik merosni saqlash, balki ming yillar davomida rivojlangan madaniy va ilmiy yutuqlarni zamonaviy texnologiyalar orqali keng jamoatchilikka yetkazishning muhim maydoniga aylanishi kutilyapti.

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining Islomdan avvalgi davr boʻlimidagi “Qadimgi Xorazm” ekspozitsiyasi konsepsiyasi, eksponatlar tartibi va vizual yechimlarini takomillashtirishga qaratilgan navbatdagi ilmiy-amaliy muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 

    Yigʻilishda Markazning yetakchi olim va mutaxassislari, ilmiy maslahatchilari hamda Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi dizaynerlar guruhi ishtirok etdi.

 

    Muhokamada boʻlimning taʼlimiy, madaniy va vizual jihatdan yanada boyitilishiga doir bir qator masalalar koʻrib chiqildi. Qadimgi Xorazm ekspozitsiyasi tashrif buyuruvchilarga ushbu hududning boy tarixini yaqindan his etish imkonini berish uchun zamonaviy va ilgʻor muzey texnologiyalari bilan jihozlanmoqda. Ekspozitsiya zalida oʻrnatilgan Qoʻyqirilgan qalʼa va Oqchaxonqalʼa maketlari orqali mazkur yodgorliklarning murakkab meʼmoriy tuzilishi, qurilish uslubi va himoya tizimi bilan tanishish mumkin. Shuningdek, qadimgi sugʻorish tizimini namoyon etuvchi “Chigʻir” maketi, multimedia ekranlar va interaktiv taqdimotlar orqali tashrif buyuruvchilar Xorazmning qadimgi sivilizatsiyasi, iqtisodiyoti va madaniy hayoti haqida batafsil maʼlumot olish imkoniyatiga ega boʻlishadi.

 

    Professor Mirsodiq Ishoqov rahbarligidagi ishchi guruh muhokama davomida zardushtiylik davriga oid qimmatli eksponatlarning joylashuvi, “Abadiy olov” kompozitsiyasi, tasvir va suratlarning yoritilishi, videokontentdagi personajlar obrazlari va umumiy rang uygʻunligi kabi masalalarni dizaynerlar bilan hamkorlikda koʻrib chiqdi. Shu bilan birga, eksponatlar roʻyxati qayta tahlil qilinib, tarixiy haqqoniylik va vizual jozibani oshirish maqsadida zarur tuzatishlar kiritildi.



 

    Muhokama jarayonida ekspozitsiyaning taʼlimiy va ilmiy ahamiyati alohida taʼkidlandi. Loyihada tarixiy manbalarga tayanish, arxeologik topilmalarni toʻgʻri yoritish va koʻrgazmaga kelganlar uchun nafaqat tomoshabop, balki bilim berishga qodir muhit yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.

 

    Yigʻilish yakunida qayd etilganidek, Qadimgi Xorazm ekspozitsiyasi nafaqat arxeologik merosni saqlash, balki ming yillar davomida rivojlangan madaniy va ilmiy yutuqlarni zamonaviy texnologiyalar orqali keng jamoatchilikka yetkazishning muhim maydoniga aylanishi lozim. Shu maqsadda qoʻshimcha ilmiy izlanishlar, dizaynerlik yechimlari va multimedia texnologiyalari uygʻun holda qoʻllanib, ushbu boʻlim Markaz ekspozitsiyasining eng yorqin va taʼsirchan qismlaridan biriga aylantirilishiga alohida eʼtibor qaratildi.