“Meʼrojnoma”dan yulduzlar bagʻrigacha: Ikkinchi Renessans sahnasining noyob bezaklari yakuniy bosqichda tahlil qilindi


🔴 Shohrux Mirzo bagʻrikengligi va Mirzo Ulugʻbek yulduzlari bir ekspozitsiyada

 

🔴 Tarix va texnologiyani birlashtirgan loyiha



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish borasida bir maqsad yoʻlida birlashgan 2000 ga yaqin olimlar, mutaxassislar, rassomlar, dizaynerlar va yana bir necha soha vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar yakuniy bosqichda koʻrib chiqilyapti.

 

    Markaz direktori, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov boshchiligida oʻtkazilgan navbatdagi yigʻilish kun tartibidan oʻrin olgan masalalar orasida Shohrux Mirzo davridagi bagʻrikenglik mavzusini yorituvchi miniatyura va Mirzo Ulugʻbek sektorida namoyish etiladigan zamonaviy mepping shousi eng qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.

 

    Ilmiy kengash aʼzolari “Meʼrojnoma” qoʻlyozmasidan olingan qoʻshsahifali miniatyurani bagʻrikenglikning yuksak namunasi sifatida eʼtirof etishdi. Mutaxassislar ushbu asar nafaqat milliy, balki jahon sanʼatshunosligida ham qimmatli manba sifatida yuqori baholanishini taʼkidlab, uni ekspozitsiyada tiniq ranglar va aniq detallar bilan aks ettirishga kelishishdi.



 

    Shu bilan birga, Mirzo Ulugʻbek zalini bezash boʻyicha Art Craft kompaniyasi direktori Hasan Solihov oʻzining kreativ taklifini taqdim etdi — allomaning portreti ustida yulduzlarning animatsion harakati orqali zamonaviy va tarixiy uygʻunlik yaratish. Bu gʻoya yigʻilish ishtirokchilari tomonidan maʼqullanib, tasdiqdan oʻtdi.

 

    Tadbirda Hazrat Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro miniatyuralari ham muhokama qilindi. Qarorga koʻra, Navoiy tasviri yangilanishi, Husayn Boyqaro esa oʻz holicha saqlanishi lozimligi belgilab qoʻyildi. Mutaxassislar har bir tarixiy shaxsning yuz ifodasi va mayda detallarigacha aniqlik bilan ishlash zarurligini urgʻuladilar.

 

    Yigʻilish yakunida ekspozitsiyadagi miniatyuralarning joylashuvi boʻyicha kelishuvga erishildi va estetik hamda tarixiy uygʻunlikni taʼminlash yuzasidan qator tavsiyalar berildi.

 

    Eslatib oʻtamiz: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi asosida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi bugungi kunda yakuniy bosqichga yetgan. Ayni paytda uning kontentini boyitish borasida 800 dan ortiq ilmiy innovatsion loyihalar ishlab chiqilgan.