Oʻzbekistonda kitobxonlik madaniyatini targʻib etuvchi yangi ekspozitsiya tashkil etiladi
Oʻzbekistonda kitobning maʼnaviy qudrati va jamiyat rivojidagi oʻrnini keng yoritish maqsadida Prezident rahnamoligida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazida noyob ekspozitsiya tashkil etilishi kutilyapti. Loyiha nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan. Bu haqda Markazning navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishida maʼlum qilindi.
Markaz direktori, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov taʼkidlashicha, ekspozitsiyaning asosiy maqsadi — kitobning qadr-qimmatini anglatish, kitobxonlikka qiziqish uygʻotish va Oʻzbekistonning boy madaniy merosini keng targʻib etishdir:
“Maʼlumki, davlatimiz rahbari xorijiy safarlar davomida mamlakatimiz adabiyoti va madaniyatiga oid kitoblarni boshqa davlat rahbarlariga taqdim etishni anʼanaga aylantirgan. Bu amaliyot Oʻzbekiston kitobxonlik anʼanalarini xalqaro maydonda namoyon etishda muhim ahamiyatga ega”, deydi Markaz rahbari.
Ekspozitsiyada nimalar boʻladi?
▪️ Maxsus vitrina — oʻrnatilgan maxsus vitrinada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti haqida chop etilgan asarlar namoyish etiladi. Tashrif buyuruvchilar vitrinalarda joylashtirilgan ushbu asarlar bilan tanishib, batafsil maʼlumot olish imkoniyatiga ega boʻladilar.
▪️Kichik podium — turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, kitob taqdimotlari va uchrashuvlar oʻtkaziladi.
▪️Funksional ekran — Prezidentimiz asarlari, faoliyatiga oid video va grafik materiallar, shuningdek markazning vizual kontenti namoyish etiladi.
Ilhomlantiruvchi soʻzlar
Ekspozitsiyaning yuqori qismida mashhur oʻzbek allomasi va jahon tanigan ikki mutafakkirning kitob va kitobxonlik haqidagi hikmatli soʻzlari joy oladi. Ular Sharqshunoslik instituti tomonidan tanlanadi va oʻzbek tilida taqdim etiladi.
Dekorativ elementlar
Ekspozitsiya kitoblar bilan cheklanib qolmaydi — badiiy va dekorativ buyumlar ham joylashtirilishi rejalashtirilgan. Bu tashrif buyuruvchilar uchun yanada boy, ilhomlantiruvchi va esda qolarli muhit yaratadi.
Loyiha amalga oshirilgandan soʻng, markaz mehmonlari kitobxonlik madaniyati, davlat siyosatida kitobning oʻrni va milliy adabiyotimiz boyligi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
