Misr sultoni tomonidan Amir Temurga sovgʻa qilingan jirafa aks etgan miniatyura nusxasi ITsMga joylashtiriladi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi yaqinda yana bir nodir asar bilan boyishi kutilmoqda. 1436 yilda Sherozda yaratilgan va hozir turli kolleksiyalarda saqlanayotgan mashhur “Zafarnoma” qoʻlyozmasining ikki sahifalik kompozitsiyasi Amir Temurning nabirasi, Temuriy shahzoda Ibrohim Sulton uchun maxsus koʻchirilgan.
Qoʻlyozmadagi miniatyuralarning birida elchilarni qabul qilish jarayoni aks etgan. Bu voqea Kastiliya qiroli saroyidan kelgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning xotiralarida ham bayon etilgan. Uning yozishicha, 1404 yil iyun oyi boshlarida Temur Misr sultonining elchilarini Eronning shimoliy-gʻarbidagi shaharda qabul qilgan.
Elchilar hukmdorga qimmatbaho sovgʻalar, jumladan, oltita toʻn va oʻsha davr uchun noyob hayvon — jirafa olib kelishgan. Klavixo Temur saroyidagi marosimlarni koʻp marotaba hayrat bilan tasvirlagan boʻlsa-da, aynan jirafa uning eʼtiborini tortgan. Ilgari hech qachon bunday jonzotni koʻrmagani uchun u uni atroflicha tavsiflab, “bu jonivor haqiqatan ham hayratlanarli” deya taʼrif bergan.
Ushbu asar nafaqat badiiy mahorati, balki oʻrta asrlardagi xalqaro diplomatiya, savdo yoʻllari va madaniy aloqalarning guvohi sifatida ham tarixiy ahamiyatga ega.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi