Saudiyadan Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etish uchun noyob artefaktlar olib kelindi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyodagi yetakchi ilmiy va madaniy muassasalar bilan yaqin hamkorlik olib bormoqda. Shu hamkorlikning yorqin namunasi sifatida Saudiya Arabistoni Jidda shahridagi Islom sanʼati uyi Markaz ochilishi doirasida oʻtkaziladigan koʻrgazmada namoyish etish uchun 13 ta nodir va qimmatbaho eksponatni taqdim etdi.
Eksponatlar 2025 yil sentabridan 2026 yil mart oyigacha Oʻzbekistonda namoyish etiladi. Ular islom dunyosi tarixi, madaniyati va Oʻzbekistonning maʼnaviy merosi bilan uzviy bogʻliq boʻlib, yurtdoshlarimiz va xorijiy mehmonlarga boy tarixiy xazina bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Markaz ilmiy xodimi Elyor Mullajonov taʼkidlaganidek, eksponatlar orasida eng nodirlaridan biri — Mamluklar davridagi Muqaddas Kaʼba kalitlari jezdan yasalgan, kumush bilan bezatilgan va Qurʼon oyatlari oʻyib yozilgan noyob asar hisoblanadi.
Koʻrgazmada namoyish etiladigan asarlar turli davr va hududlarga mansub boʻlib, ular orasida:
▪️Gʻaznaviylar davridagi qumgan — oʻyma naqshlar bilan bezatilgan quyma bronza namunasi;
▪️Saljuqiylar davridagi siyohdon — toshdan oʻyilgan badiiy asar;
▪️Ilk islom davri sopol laganlari — hijriy IV–V asrlarda yaratilgan;
▪️Qurʼon qoʻlyozmalari — Sharqiy kufiy va nasx xatda bezakli nusxalar;
▪️Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonuni” asaridan sahifalar — 1549 yildagi ilk nashrdan;
▪️Mahmal — Kaʼba kisvasini tashishda ishlatilgan marosimiy hovlid;
▪️Hazrati Ibrohim maqomi pardasi — Usmoniylar davrida tikilgan noyob asar;
▪️Shaxmat toshlari — hayvon suyagidan oʻyilgan oʻyin jihozlari;
▪️Tarixiy kitob muqovasi — oltin va boʻyoqlar bilan bezatilgan Markaziy Osiyo namunasi.
Mazkur hamkorlik nafaqat islom dunyosi madaniy merosini keng targʻib etadi, balki Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, ilm-fan va sanʼat sohasida tajriba almashishda muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
