Shohruh Mirzoning 1422 yildagi nishoni – Islom sivilizatsiyasi merosidagi nodir hujjat




    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan joy oladigan nodir yozma manbalar orasida Shohruh Mirzoning 1422 yilda yozilgan nishoni alohida ahamiyatga ega. Mumtoz oʻzbek tilida bitilgan ushbu hujjat oʻrta asrlar diplomatik va huquqiy yozma madaniyatining yuksak namunalaridan biri sifatida tarixiy qimmatga ega.


    Guvohnoma ilk bor 1947 yil yozida mashhur sharqshunos E. Benevistning Kobulga ilmiy safari chogʻida qoʻlga kiritilgan. Ushbu hujjatni olimga Maymana shahridagi eski uyni buzish paytida koʻzadan topilgan holda berganliklari maʼlum. Nishon 13 satrdan iborat boʻlib, «Šahruh bahadur sözüm» deb boshlanadi va ikki doira shaklidagi muhr bilan tasdiqlangan. Muhr matni arab yozuvida «al-vatiq bi-l-lah al-ğafur Šahruh bahadur» («Kechirguvchi Alloh nomi bilan tasdiqlovchi – Shohruh Bahodir») deb oʻqiladi.


    Ikkinchi muhr esa «nišani Šahruh bahadur nišani» («Shohruh Bahodir muhri») degan yozuvga ega. Matn oʻngdan chapga yozilgan boʻlib, ayrim satrlar ichki tartib bilan boshlangan. Hujjatning orqa tomonida turkiy-uygʻur va arab yozuvlari qoʻshma tarzda yozilgan boʻlib, u yerda 828 hijriy yil muharram oyining yigirma ikkinchi kuni sanasi qayd etilgan. Bu esa milodiy hisobda 1422 yil 16 yanvar sanasiga toʻgʻri keladi.


    Nishon orqa qismida toʻqqizta turli amaldorlarning muhrlari bosilgan. Ular hujjat bilan tanishib, uning haqiqiyligini qayta tasdiqlaganliklarini koʻrsatadi. Muhrlar orasida Shohruhning oʻgʻli Boysunqur Mirzo Bahodir, Qoraqoyunli xukmdorlardan biri Muzaffariddin Jahonshoh, Sotiqshoh Feruz va Mironshoh Toʻgʻanshoh kabi tarixiy shaxslarga tegishli tamgʻalar alohida ajralib turadi. Ayrim muhrlar oʻta xira yoki bir-birining ustiga bosilganligi sababli oʻqish qiyin boʻlgan.


    Muzaffariddin Jahonshohning muhri alohida eʼtiborga molik — u hujjatdagi boshqa muhrlarga nisbatan aniq va tiniq boʻlib, ayni vaqtda Xuroson bosib olingan davrda qoʻyilganini koʻrsatadi. Bu esa hujjatning faqat bir marta emas, balki turli siyosiy davrlarda qayta-qayta rasmiy tasdiqdan oʻtganidan dalolat beradi.


    Mazkur nishon faqatgina Shohruh Mirzoning davlatchilik faoliyati yoki amaliy hujjat yuritish madaniyatini ifodalash bilan cheklanmaydi. U oʻrta asrlarda turkiy va arab yozuvlarining qoʻshma qoʻllanilishi, muhr sanʼati, diplomatik til uslubi va tarixiy voqealarni yoritishdagi anʼanalar haqida qimmatli maʼlumot beradi.


    Mazkur hujjat nafaqat Shohruh Mirzoning davlatchilik va huquqiy munosabatlardagi faoliyatini, balki oʻrta asrlardagi hujjat rasmiylashtirish uslubini, yozuv va muhr madaniyatini ham yorqin aks ettiradi. Shu bois u Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining «Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari» boʻlimida alohida oʻrin egallaydi.


Durdona Rasulova

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin