Qurʼoni Karimning eng qadimiy tarjimalari Islom sivilizatsiyasi markazida
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qurʼoni Karim zalida namoyish etilayotgan XIV asrda yaratilgan noyob turkiy tarjima nusxasi diniy, ilmiy va madaniy ahamiyati jihatidan ulkan meros namunasidir. U Sharqiy turkcha (Xorazm turkchasi) da bitilgan boʻlib, sanasi aniq koʻrsatilgan eng qadimgi tarjimalardan biri sifatida tarixga kirgan. Mazkur Qurʼoni Karim nafaqat islom taʼlimotlarini turkiy tilda yetkazishda, balki xattotlik, bezak sanʼati va tilshunoslikda ham oʻchmas iz qoldirgan meros sifatida yuksak qadrlanadi.
Qurʼoni Karimning oxiridagi maʼlumotlarga koʻra, uni Shayx Yusuf al-Ebariy oʻgʻli Muhammad — “Sayyid ul-Xattot” unvoniga ega mashhur xattot tomonidan koʻchirilgan va hijriy 737 yil 10 shaʼbon, milodiy 1337 yil 14 mart, juma kuni yakunlangan. Shu sababli, mazkur tarjima sanasi aniq qayd etilgan eng qadimgi ikkinchi turkiy tarjima, barcha maʼlum tarjimalar ichida esa uchinchi oʻrinda turadi. Matn “Sod” surasidan boshlab Qurʼonning oxirigacha boʻlgan qismni oʻz ichiga oladi. Satr orasiga qoʻyilgan tarjima va tafsir shaklida yozilgan boʻlib, har bir arabcha soʻzga bir necha turkiy muqobil keltirilgan, har sura boshida “Bismilloh” turlicha tarjima qilingan, alif, lom, mim kabi “muqattaot as-suar” harflari izohlangan.
Tafsir qismlarida suraning nozil boʻlishi, uni oʻqish fazilatlari, hadislar, turli qiroat maktablari haqida maʼlumotlar, islom tarixi voqealari va rivoyatlar, Dovud va Iso alayhissalom haqidagi hikoyatlar, Makkaning fathi va Paygʻambar alayhissalomning oila aʼzolari haqidagi batafsil maʼlumotlar keltirilgan.
Qurʼoni Karimning tashqi koʻrinishi yuksak badiiy qiymatga ega. U zafaron rangli, bezakli ahar qogʻozga nastaliq va nasx xatlarida koʻchirilgan. Sura nomlari koʻk rangda sariq fonga yozilgan, tarjimalar qizilda berilgan. Sahifalar ip yordamida sariq chiziqlar bilan chegaralangan, oyatlar yulduzsimon naqshlar bilan ajratilgan. Ikki muqobil sahifada marvaridsimon tazhibli miniatyuralar bor, muqova qizil fonga sariq uzum shodalari naqshi bilan bezatilgan. Xattotlikdagi mahorat va bezaklar ushbu Qurʼoni Karim yirik homiy buyurtmasi asosida tayyorlanganini koʻrsatadi.
Qurʼoni Karimning manbalari keng qamrovli boʻlib, asosiysi Allohning kalomi — Qurʼoni Karimning oʻzi hisoblanadi. Shuningdek, Abdulloh ibn Abbos, Qatoda ibn Doima, Mujohid ibn Jabr, Muqotil ibn Sulaymon kabi mashhur mufassirlar fikrlari, Abu Hurayra rivoyatlari, Ahmad ibn Hanbalning “Musnad”i, “Kutub as-Sitta” toʻplamlari, Nizom ul-Mulkning “Siyosatnoma”si, at-Tabariyning “Jomiʼ al-Bayon” va “Tarix al-Umam val-Muluk” asarlari ham unda oʻz oʻrnini topgan.
Bugungi kunda mazkur nusxa Eronning Ostoni Qudsi Razaviy kutubxonasida 293 raqam bilan saqlanmoqda, bir nusxasi esa Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi Qurʼoni Karim zalida ziyoratchilar va tadqiqotchilar uchun ochiq holda taqdim etilmoqda. U turkiy xalqlarning XIV asrdagi diniy va madaniy hayoti, til xususiyatlari, xattotlik va bezak sanʼati anʼanalarining noyob namunasi boʻlib, islom merosini oʻrganishda beqiyos ahamiyatga ega manba hisoblanadi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
