Asrlar davomida asrab kelingan Temuriylarga oid himoya hujjati
🔴XV asrga oid tarixiy manba
🔴Islom sivilizatsiyasi markazi yana bir noyob eksponat bilan boyimoqda
“Hujjatda sayyidlar avlodi boʻlgan Sayyid Nur al-Milla val-Din Ali va Sayyid Saʼd al-Milla val-Din Ahmad ibn Yahyaviyni hamma joyda hurmat va ehtirom bilan kutib olish, barcha ishlariga davlat aʼyonlari koʻmaklashishi va sovgʻa salomlar talab qilmasligi, safar qilganlarida nazorat punktlariga navkarlar bilan kuzatib borish va xavfsizligini taʼminlash, aloqa xizmati uchun ularning ulovlarini musodara qilmaslik, har qanday soliq va bojlardan ozod qilish, yashash hududlarida ularning doimiy xavfsizligini taʼminlash kabi huquqlar berilgan...”
Yuqoridagi taʼriflar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining Ikkinchi Renessans boʻlimi ekspozitsiyasi uchun sohibqiron Amir Temurning nevarasi Mirzo Jaloliddin Iskandar (Umarshayx Mirzoning oʻgʻli) nomidan yozilgan farmondan keltirilgan parchadir.
Ushbu noyob hujjat oʻzining mazmuni, tarixiy ahamiyati va estetik yuksakligi bilan XV asr hujjatshunosligida alohida oʻrin tutadi. Hujjatning asl nusxasi Daniyaning David Collection fondida saqlanmoqda.
Iskandar Mirzoning hayoti va faoliyati
Temuriylar sulolasining kam oʻrganilgan vakillaridan biri boʻlgan Iskandar Mirzo 1384 yil 25 aprelda hozirgi Fargʻona viloyatining Oʻzgand (hozirgi Qirgʻizistonning Oʻsh shahri hududi) shahrida tugʻilgan. Uning otasi buyuk sarkarda Amir Temurning ikkinchi oʻgʻli – Umar Shayx Mirzo, onasi esa Chingiziylar nasliga mansub Malikat (ayrim manbalarda Milkat) Ogʻo boʻlgan. Iskandar ilk bor 1399-1400-yillarda otasi hokimlik qilgan Fargʻonaga hokim etib tayinlangan.
Iskandar Sulton sanʼat va madaniyat homiysi sifatida ham tanilgan. Mirzo Iskandarning xattotlarga homiylik qilib, kitoblarni koʻchirtirish hamda kutubxona bunyod etishga katta eʼtibor qaratgan. Zamonasining mashhur hattoti boʻlgan Maruf Bagʻdodiy Isfahondagi Mirzo Iskandar kutubxonasining kitobdori (mudiri) boʻlib ishlagan.
Mirzo Iskandar buyrugʻiga binoan koʻchirilgan «Xamsa»
Londondagi Britaniya muzeyida Mirzo Iskandar buyrugʻiga binoan koʻchirilgan 546 varaqdan iborat Nizomiy Ganjaviyning «Xamsa» asari saqlanadi. Shahzoda tomonidan koʻchirtirilgan yana bir astronomiyaga oid asar «Muxtasar dar ilmi hayʼat» («Astronomiyaga oid qisqacha risola») boʻlib, muallifi Gʻiyosiddin Jamshid Koshiydir. Asar muqaddimasida risolani «jalol ud-dunyo va-d-din amirzoda Iskandar Bahodurxon» buyrugʻiga koʻra yozilgani taʼkidlangan. Mirzo Iskandar buyrugʻiga koʻra astronomiyaga oid «Ravzat ul-munajjimin» («Munajjimlar bogʻi»), kimyoga oid «Risolayi kibriti ahmar» va Gʻiyos Kirmoniyning «Oynayi Iskandariy» asarlari ham yozilgan. «Muxtasar dar ilmi Iqlidus» risolasi qadimgi yunon matematigi Yevklidning geometriyasiga oid kitobidagi beshta teorema tahliliga bagʻishlangan. Mirzo Iskandarning dunyoviy fanlarga boʻlgan qiziqish doirasi naqadar keng boʻlganini koʻrsatadi.
Mirzo Iskandarning tasavvuf pirlariga ham hurmat koʻrsatib, Eronning Yazd shahri yaqinidagi Taft qishlogʻida mutasavvif shoir Shoh Neʼmatulloh valiyga masjid va xonaqoh qurib bergani maʼlum.
Umuman olganda temuriy Shahzoda Iskandar Sulton koʻplab diniy va dunyoviy fanlarga oid asarlarni koʻchirtirish, yozish va shaharsozlik ishlariga homiylik qilgan. Sayyidlar, olimlar va ulamolarga doim hurmat va eʼtibor bilan munosabatda boʻlgan.
Temuriy merosidagi eng uzun farmon
Nodir hujjat 1414 yil 19 fevralda Isfahonda fors tilida yozilgan boʻlib, kalligrafik sanʼatning yuksak namunasi sifatida eʼtirof etiladi. Temuriylar tomonidan bitilgan farmonlar odatda 2 metr uzunlikda boʻlgan boʻlsa, Iskandar Mirzoning ushbu farmoni 6 metrga teng. Farmon toʻliq tilla suvi yuritilgan, murakkab va nafis devoniy va suls (sarlavhalari) xatlarida Isfahonda bitilgan.
Himoya hujjati
Farmon Husayniy sayyidning avlodi boʻlgan Sulaymon ibn Yahyaviy al-Husayni va uning oʻgʻillari Ali va Ahmadni himoya qilishga bagʻishlangan. Tarixchilar ushbu hujjatni Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) avlodlariga berilgan ilk himoya huquqini beruvchi farmonlaridan biri sifatida baholashadi. Unda ularga nisbatan hurmat va eʼtibor diniy, xavfsizlik hamda siyosiy huquqlar mustahkamlangan. Matn Qurʼoni karim oyatlari, Paygʻambar (s.a.v.) va uning ahliga salavotlar, taqvo va adolat madhlari bilan boshlanadi. Farmonning toʻrtdan uch qismini ramziy-diniy mazmunli matnlar tashkil etadi.
Hujjat Temuriylar davrida sayyidlarning mavqeini yuksak eʼtirof etish siyosatining dalili boʻlishi bilan birga, keyingi hukmdor sulolalar – Qoraqoʻyunli, Aqqoʻyunli va Safaviylar davrida sayyidlar uchun chiqarilgan muqaddas hujjatlar anʼanasining dastlabki namunalaridan biri hisoblanadi.
Hujjatning bugungi kundagi tarixiy ahamiyati
Iskandar Mirzoga tegishli boʻlgan ushbu farmon, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tayyorlanayotgan mulyaj orqali keng jamoatchilikka taqdim etiladi. Ushbu hujjat nafaqat bir hukmdorning qarorini, balki Temuriylar davrining ijtimoiy siyosati va tafakkurini, oʻsha davr maʼnaviy tamoyillarini ham oʻzida aks ettirgan. Markazning yangi ekspozitsiyasi ushbu farmonning tarixiy ahamiyatini zamonaviy talqinda ochib berishga xizmat qiladi. Ushbu mulyaj – madaniy xotira, siyosiy ong va tarixiy oʻzlikni anglash vositasi boʻlib, bugungi avlodni oʻz tarixini chuqurroq bilishga va oʻtmishdan saboq olishga undaydi.
Gavhar Eshonqulova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
