Madaniy merosni vizual va ilmiy talqinda taqdim etish qay bosqichda?

 

🔴 Taʼsirchan tajriba va ilmiy yondashuv

 

🔴  "Ikkinchi Renessans”: tarix va texnologiya ifodasi


 
  Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi maxsus shtabida “Ikkinchi Renessans davri” ekspozitsiyasini yanada boyitish va takomillashtirish boʻyicha keng qamrovli muhokamalar boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda muzey fondiga noyob eksponatlar qoʻshish, tarixiy va madaniy meros namunalarini zamonaviy vizual va ilmiy talqinda taqdim etish masalalari koʻrib chiqildi.



 

    Ekspozitsiyani jonli va taʼsirchan koʻrsatish maqsadida zamonaviy video va vizual namoyishlar, interaktiv texnologiyalar hamda multimedia yechimlarini joriy etish boʻyicha takliflar bildirildi. Bu tashabbuslar orqali tashrif buyuruvchilar nafaqat tarixiy maʼlumot, balki chuqur  taassurotga ega boʻlishlari koʻzda tutilgan.



 

— Bugungi muhokama yigʻilishida biz “Ikkinchi Renessans davri” ekspozitsiyasini yanada boyitish, muzey fondi uchun qimmatli va noyob eksponatlarni jamgʻarish, ularni tayyorlash hamda olib kelish jarayonlarini atroflicha muhokama qildik. Hozirlik ishlari nihoyatda qizgʻin kechmoqda va  vazifalar deyarli yakuniy bosqichga yetib keldi. Endi esa oldimizdagi vazifa – belgilangan reja va muddatlardan chekinmasdan, yanada shijoat bilan harakat qilish. Biz boʻshashmaymiz, aksincha, yanada katta ishtiyoq bilan oldinga intilamiz. Chunki har birimiz ulkan gʻoyani amalga oshirish ustida ish olib boryapmiz, — dedi Art Craft kompaniyasi direktori, vizual eksponatlar boʻyicha mutaxassis Hasan Salixov.