Har sahifasi millionlab dollarga teng asar
🔴 Parijda va Londonda saqlanayotgan turkiy meros
🔴 Har harfi oltin: jahon rekordiga teng noyob qoʻlyozma
Oʻzbek yozuv madaniyati va kitobat sanʼati tarixida Temuriylar davri alohida oʻrin tutadi. Amir Temur va Temuriylar tashabbusi hamda otaligʻi ostida kitobat sanʼati rivojlandi. Moʻgʻullar istilosi davrida eʼtibordan chetda qolgan sohalar qaytadan qad rostladi. Temuriylar davlatining yirik madaniy markazlari boʻlmish Samarqand, Hirot, Yazd, Andijon singari shaharlarda yirik xattotlik maktablari yuzaga keldi.
Bu davrda Temuriylarning saʼy-harakati, urinishi tufayli, arab xati bilan bir qatorda, ota-bobolardan meros boʻlib kelayotgan eski uygʻur yozuvi, Navoiy soʻzi bilan aytganda, turkcha xat ham keng ishlatildi.
Temuriylar davridan qolgan, oʻzbek kitobat sanʼati tarixida oʻta qimmatli va nodir sanalgan yodgorliklardan biri oʻz davrining yirik madaniyat markazlaridan boʻlgan Hirotda Abu Malik baxshi uygʻur xatida koʻchirgan “Meʼrojnoma” qoʻlyozmasidir.
Qoʻlyozma kitob hozir Parijdagi Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanmoqda. Qoʻlyozmaga ikki asar kiritilgan: biri “Meʼrojnoma” boʻlsa, ikkinchisi Farididdin Attor qalamiga mansub “Tazkiratu-l-avliyo” asarining turkiy tarjimasidir.
“Meʼrojnoma” asari hamdu naʼt bilan boshlangan boʻlib, kitob muqaddimasida “Nahj ul-farodis” nomli asardan tarjima qilingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar berilgan. Kitobda Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning Jabroil (a.s.) bilan meʼrojga chiqishi, koʻtarilishi bilan boshlanib, turli osmon tabaqalari, jannat va doʻzaxdagi sayohatlari bilan davom ettirilgan.
Umuman, mazkur asar turkiy til va adabiyotni chuqur tadqiq etishda ham juda katta ilmiy manba boʻlib hisoblanadi.
Qoʻlyozmani hirotlik Abu Malik baxshi hijriy 840 (milodiy 1436–1437) yili koʻchirib tugallagan.
Maʼlumki, oʻtmishda baxshi soʻzi asosan kotiblarga nisbatan aytilgan. Ushbu atama qadimgi turk-budda, moniy-diniy jamoalarida “ustoz, murabbiy; muallim” maʼnolarida ishlatilgan.
Taʼkidlash joizki, “Meʼrojnoma” kitobi 1464 yilda Abu Said Mirzo tashabbusi bilan qayta koʻchirtirilgan. Ushbu qoʻlyozmaning koʻplab sahifalari bugungi kunda turli muzeylar, shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi. Jumladan uning bir sahifasi Buyuk Britaniyaning Oksfordshir grafligida joylashgan Ali Sarixoniy kolleksiyasidan oʻrin olgan.
Joriy yil may oyida Londonda “Kristis” savdo uyi tomonidan tashkil etilgan auksionda ushbu qoʻlyozmaning yana bir sahifasi 1 900 000 funt-sterling (2.5 mln AQSh dollaridan ortiq)ga sotildi.
“Kristis” nizomiga koʻra, xaridor yana 26 foiz miqdorida auksion xarajatlarini toʻlashi kerak boʻladi. Demakki, shu bir sahifaning bahosi 3.3 million dollardan oshadi.
Ayni paytda Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasida mazkur kitobning faksimil nusxasini joylashtirish, uning miniatyuralari asosida devoriy suratlar yaratish koʻzda tutilgan.
Rustam Jabborov
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
