“114 Qurʼon” kitob-albomi loyihasi tayyorlash jarayoni yakuniga yetmoqda

 

🔴 Nur tarqatuvchi sahifalar: Islom markazida noyob qoʻlyozmalar jamlanmoqda

 

🔴 Turkiy dunyodan Movarounnahrgacha boʻlgan Qurʼonlar 


    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining Qurʼon zali boʻlimida yuksak ilmiy va maʼnaviy ahamiyatga ega “114 Qurʼon” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — dunyo muzeylari va arxivlarida saqlanayotgan, Oʻzbekiston tarixiy merosiga aloqador Qurʼon qoʻlyozmalarini saralab olib, ularni keng jamoatchilikka taqdim etishdir.



 

    Yaqinda Markazda boʻlib oʻtgan ilmiy kengash yigʻilishida Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez ushbu loyiha boʻyicha keng qamrovli taqdimot oʻtkazdi. U oʻz maʼruzasida tayyorlanayotgan albom haqida atroflicha maʼlumot berib oʻtdi.



 

    Albom “Kirish” qismi va toʻrt asosiy boʻlimdan tashkil topib, VII asrdan XX asrgacha boʻlgan davrda yaratilgan Qurʼon qoʻlyozmalarini qamrab oladi. Bu asarlar orasida Usmon mushafi, Katta Langar Qurʼoni, Moviy Qurʼon kabi jahon miqyosida tan olingan nusxalar bilan bir qatorda, Somoniylar, Gʻaznaviylar, Temuriylar va boshqa sulolalarga tegishli nodir sahifalar ham oʻrin olgan.

 

    Albomda har bir qoʻlyozmaning tilla suvi bilan bezatilgan ikki sahifasi faksimile shaklida taqdim etiladi. Bu sahifalar orqali Qurʼoni karimning toʻliq vizual manzarasini yaratish koʻzda tutilgan. Hozirda 103 ta qoʻlyozma sahifalanib, albomning 90 foizi tayyor holga keltirilgan. Qolgan 11 ta qoʻlyozma yaqin kunlarda toʻliq yakunlanishi kutilmoqda.

 

    Ayni paytda, albomda Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmulk xotun tomonidan 1467 yilda koʻchirilgan Qurʼon nusxasi hamda Qoʻqon xoni Amir Umarxon tomonidan Usmoniylar sultoni Mahmud II ga tuhfa etilgan nusxa ham oʻrin olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1318 yilda Oltin Oʻrda xoni Oʻzbekxonga bagʻishlab tilla varaqda yozilgan, 700 yillik tarixga ega Qurʼon sahifalari ham loyihaning eng muhim qismlaridan biri sifatida taqdim etilishi taʼkidlandi.

 

    Yigʻilishda ekspozitsiya uchun moʻljallangan Qurʼon nusxalari davriy asosda joylashtirilishi maʼlum qilindi. 

 

    Albomning umumiy hajmi 500 sahifaga yaqin boʻlib, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qurʼon zali boʻlimida ushbu meros dunyo tamadduni tarixi va maʼnaviy ulkan boyligini jonli tarzda namoyon etadi.

 

    Shuningdek, yigʻilishda mazkur loyihaning muqova dizayni ham taqdim etildi. Ushbu muqova oʻzining shakli, bezagi va estetik yechimi bilan Kaʼbaning tashqi koʻrinishini eslatishi qayd etildi. Kengash aʼzolari bu taklifni maʼqullashdi.