Paygʻambarimizning Rim imperatoriga yoʻllagan maktubi nusxasi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasiga joylashtiriladi

Rasululloh (s.a.v.)ning dunyo hukmdorlariga yozgan maktublari papirusga koʻchirilgan nusxasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin olishi rejalashtirilmoqda.
Islom dinining keng yoyilishi va insoniyatni tavhidga daʼvat qilish jarayonida Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) tomonidan yuborilgan diplomatik maktublar alohida tarixiy ahamiyatga ega. U zot (s.a.v.) Islom daʼvatini yetkazish maqsadida dunyodagi yetakchi hukmdorlarga xat yozib, muhrlab yuborganlar.
Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ana shunday ulkan maʼnaviy va tarixiy qimmatga ega nusxalardan biri — Imperator Hiraqlyus (Gerakliyus)ga yuborilgan maktubning ilmiy asoslangan rekonstruksiyasi namoyish etiladi.
Shu bilan birga, ekspozitsiyada Efiopiya, Misr, Bahrayn, Oʻmon hukmdorlari, Fors shohiga yuborilgan maktublar nusxalari ham oʻrin olishi kutilmoqda. Ushbu xatlar nafaqat Islomning tinchlikparvar va diplomatik ruhini, balki Rasululloh (s.a.v.)ning siyosiy zakovati va insonparvarligini ham yorqin namoyon etuvchi tarixiy dalillardir.
Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu eksponatlar orqali tashrif buyuruvchilarga Paygʻambarimizning (s.a.v.) mislsiz rahnamolik faoliyati va daʼvat metodini yaqindan anglash imkonini yaratadi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi