Makka va Toshkent oʻrtasida maʼrifiy muloqot: Ilm kompaniyasi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligi muhokama qilindi
🔴 Ilm nima, nega u bizga kerak?
🔴 Nima uchun Saudiya tajribasi tanlandi?

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqand shahridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita vakillari Saudiya Arabistonining Makka shahrida joylashgan Ilm kompaniyasi rahbariyati bilan onlayn muloqot oʻtkazdi.
Yigʻilishda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduholiqov, Imom Buxoriy markazi bosh direktori Shovosil Ziyodov, qoʻmita mutasaddilari va Ilm kompaniyasining mijozlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Usama al-Xattobiy ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy eʼtibori ziyoratchilar oqimini samarali tashkil etish, yuqori standartlar asosida mehmonlarga xizmat koʻrsatish va markazlarda ziyorat yoʻnalishlarini toʻgʻri shakllantirish masalalariga qaratildi. Shu maqsadda Saudiya Arabistonida Haj va Umra kabi yirik ziyorat tadbirlarini tashkil etishda boy tajribaga ega boʻlgan Ilm kompaniyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Markaz rahbari oʻz soʻzida ushbu hamkorlik tashabbusi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar va maʼrifiy harakatning mantiqiy davomi ekanini taʼkidlab oʻtdi:
“Biz ushbu maqsadlarni amalga oshirishda birgalikda ishlashga qatʼiy bel bogʻlaganmiz. Bunday hamkorlik nafaqat markazlar faoliyatini samarali tashkil etishda, balki ikki davlat oʻrtasidagi madaniy va maʼnaviy munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam hisoblanadi.”
Ilm kompaniyasi vakili Usama al-Xattobiy ham muloqotdan mamnunligini bildirib, quyidagicha taʼkidladi:
“Aslida biz sizlardan ilm oʻrganishimiz kerak. Chunki buyuk mutafakkirlar – Imom Buxoriy, Ibn Sino, Beruniy va boshqalar aynan sizning yurtingizda yetishib chiqqan. Biz ularni tan olamiz va ularning ilmiy merosi sizning tamadduningizda yuksalgan. Bugungi uchrashuvda bildirilgan fikrlar men uchun juda muhim ahamiyatga ega boʻldi.”
Uchrashuv yakunida Ilm kompaniyasi mutaxassislarini Oʻzbekistonga taklif etish, ular tomonidan Markaz xodimlari uchun maxsus oʻquv-treninglar tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Jumladan, joriy yilning 20–23 avgust kunlari Ilm kompaniyasi vakillarining Toshkentga rasmiy tashrifi rejalashtirilgan. Safar doirasida amaliy uchrashuvlar, tajriba almashuvi seminarlari hamda Markaz faoliyatini takomillashtirishga doir dasturlar koʻzda tutilgan.
Ushbu hamkorlik Oʻzbekistonning Islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro miqyosda keng targʻib etish, ziyorat turizmini rivojlantirish va islomiy ilm-maʼrifatni yuqori darajada taqdim etish maqsadlariga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi