Animatsiya, 3D grafika va sunʼiy intellekt: tarixiy meros yoshlar uchun yangi texnologik formatda jonlantirilyapti




    Davlat rahbari tashabbusi va gʻoyasi asosida bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi yakuniy bosqichga yetib qoldi. Ayni paytda esa 2000 dan ortiq mahalliy va xorijiy mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar, dizaynerlar, rassomlar, hunarmandlar, shuningdek, bir qator vazirlik hamda tashkilotlar hamjihatlikda ushbu muhtasham maskanning ekspozitsiyasini boyitish ustida jadal ish olib bormoqda. 


    Turli yondashuvlar, bahs-munozaralar, tahliliy maʼlumotlar asosida shakllanayotgan Markaz muzeyi ekspozitsiyasida Prezidentimiz qayd etgani kabi buyuk xalq ekanligimizni yana bir bor ilmiy asoslab, xalqchil tushuntirib beradigan, milliy gʻoya joʻsh urib turadigan, tashrif buyurgan odamlarda, yoshlarimizda ruhiy kuch, ruhiy ishonch paydo qila oladigan kontentlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.




    Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yangi Renessans” gʻoyasining yorqin amaliy ifodasi sifatida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasidan oʻrin olayotgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” loyihasi orqali tarixiy meros yangi texnologik formatda namoyish etilishi rejalashtirilgan. Xorazmiyning “Algoritm ustuni”, Ibn Sinoning inson anatomiyasi, Fargʻoniyning Nilometr qurilmasi kabi ajdodlarimizning kashfiyotlari vizual vositalar orqali yodda qoladigan, taʼsirli va ilhomlantiruvchi uslubda taqdim etilishi kutilyapti. 


    Ushbu loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar, tasvirga olish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida OAV vakillari uchun press tur tashkil etildi.

 
    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” – bu shunchaki ekspozitsiya emas, balki inson sivilizatsiyasi taraqqiyotini yangicha koʻz bilan anglatishga qaratilgan innovatsion madaniy-maʼrifiy tashabbusdir. 


    Loyihaning asosiy maqsadi — yosh avlodni ilm-fanga qiziqtirish, Islom dunyosida kamol topgan buyuk mutafakkirlar va olimlarning ilmiy merosini zamonaviy vizual vositalar orqali yodda qoladigan, taʼsirli va ilhomlantiruvchi uslubda taqdim etishdir.


     
     Muzaffar Erkinov, rejissyor, loyiha ijodiy rahbari:

 

– Ayni paytda biz Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” loyihasi ustida ish olib bormoqdamiz. Ushbu loyihani amalga oshirishda biz Prezidentimiz tomonidan qoʻyilgan vazifaga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Yaʼni yoshlarni kengroq jalb eta oladigan kontentlarni tayyorlashga harakat qilyapmiz. Shu bois “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”da Islomdan avvalgi davrlar, Birinchi va Ikkinchi Renessans bosqichlarini qamrab olgan holda interaktiv media-kontentlar, animatsiya, 3D grafika va sunʼiy intellekt orqali qayta jonlantirilayotgan zamonaviy taʼlimiy platforma yaratish ustida ishlamoqdamiz. 


    Bizning jamoamiz tomonidan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” doirasida 100 ga yaqin multimediaviy videokontent, animatsiya, oʻyin texnologiyalari va sunʼiy intellekt asosida ishlangan kontentlar ishlab chiqilmoqda. Ular orasida jahon fanining poydevorini qurgan allomalar –  Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy va boshqalarning merosi muhim oʻrin tutadi.


     Masalan:


➖ Xorazmiyga bagʻishlangan qismda “Algoritm ustuni” orqali tenglamalarni yechish;


➖ Ibn Sino ekspozitsiyasida inson anatomiyasini interaktiv tarzda oʻrganish;


➖Fargʻoniyning Nilometr qurilmasi asosida suv sathini boshqarish orqali hosildorlikni modellashtirish kabi imkoniyatlar yoshlarda bilimga qiziqish uygʻotadi.


    Har bir kadr, har bir vizual taʼsir — bu tarix bilan muloqot. Biz bu loyihada mahalliy olimlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqdamiz. Arxeolog Surʼat Kubayev bu borada bizga katta yordam beryapti. Har bir tarixiy maʼlumotlar, faktlar olimlarimiz tomonidan maʼqullangach, vizuallashtirishga kirishyapmiz. Ilmiy aniqlik va kreativ yondashuv birlashgani sabab, biz nafaqat oʻtmishni aks ettirmoqdamiz, balki uni yoshlar tafakkurida qayta jonlantiryapmiz. Bunda biz Markaz mutaxassislari, mahalliy va xalqaro olimlar, Rossiyaning “Planet 9” kompaniyasi hamda Oksford universiteti kabi yetakchi ilmiy markazlar bilan hamkorlikda ishlamoqdamiz. Ish jarayonida yaratilayotgan har bir kontent Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Ilmiy kengash tomonidan muhokama qilinib, tarixiy manbalarga asoslangan holda takomillashtirilgan holda amalga oshirilmoqda. Bu esa loyihani ilm va sanʼat oʻrtasidagi mukammal uygʻunlik namunasi sifatida namoyon etadi.



   
     “Har bir vizual — bu tarix bilan muloqot”: arxeolog Surat Kubayev loyihadagi ishtiroki haqida quyidagicha fikr bildirdi.

 

“Bunday tarixiy va madaniy loyihalarda arxeolog hamda tarixchilarning ishtiroki — asosiy shartlardan biri. Chunki har bir vizual obraz, artefakt yoki sahna oʻtmish haqidagi jamoaviy tasavvurni shakllantiradi. Biz kinoijodkorlarga faqatgina tarixiy faktlarni emas, balki muayyan davrning urf-odatlari, kiyim-kechaklari, meʼmoriy uslubi va kulolchilik buyumlaridan tortib, hatto xalqning tafakkurigacha oid maʼlumotlarni yetkazamiz. Bu rejissyor va dizaynerlarga kontentni real va ishonchli qilib yaratishda katta yordam beradi.  Men asosan multimediaviy kontentdagi tarixiy aniqlik uchun masʼulman. Har bir tayyorlanayotgan materialda hikoya qilinayotgan shaxslar, voqealar, joylar va buyumlar oʻz davriga toʻgʻri kelishi shart. Masalan, Ibn Sinoning inson anatomiyasi yoki Ahmad Fargʻoniyning Nilometr qurilmasi haqidagi ekspozitsiyalarda ilmiy aniqlikni taʼminlash, manbalarga tayanish — mening birinchi vazifam. Shu bilan birga, har bir sahnaning tarixiy ahamiyatini tomoshabinga qanday qilib tushunarli va taʼsirli yetkazish mumkinligini muhokama qilamiz, zarur hollarda qoʻshimcha maʼlumotlar bilan toʻldiraman.”

   


    Bunday keng koʻlamli, ilmiy asoslangan va texnologik jihatdan mukammal loyiha Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Yangi Renessans” gʻoyasining amaldagi yorqin ifodasidir. Bu ekspozitsiya — nafaqat ilm-fan va tarix, balki kelajak avlod uchun ilhom manbai, maʼnaviy qoʻllanma va intellektual xazinadir.