O‘zbekistondagi megaloyiha ekspozitsiyasida ko‘zoynaklar orqali virtual sayohat qilish imkoni yaratiladi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Italiyaning “Magister Art” kompaniyasi va Xorazm Ma’mun akademiyasi vakillari ishtirok etdi.
Muhokamada Ma’mun akademiyasi va u yerda faoliyat yuritgan allomalarga bag‘ishlangan ekspozitsiya qismini jahon muzeychilik standartlari asosida tashkil etish bo‘yicha fikrlar almashildi. Xususan, mazkur ekspozitsiyaning ilmiy, vizual va texnologik jihatlarini boyitish masalalari ko‘rib chiqildi.
“Magister Art” kompaniyasi kreativ direktori Alessandra Kostantin O‘zbekistondagi Birinchi Renessans davri, olimlar va ularning kashfiyotlari borasida mahalliy olimlarning bilim va manbalaridan foydalanish zarurligini qayd etdi.
"O‘zbekiston tarixini o‘rganganimizda Birinchi renessans davri va undagi olimlar faoliyati, kashfiyotlari bizning e’tiborimizni tortdi. Bu davrdagi olamshumul ixtirolar ekspozitsiyada shunchaki namoyish etilmasligi kerak. Ekspozitsiyada ularning olamshumulligini aks ettirishimiz zarur bo‘ladi. Bunda mahalliy olimlarning o‘sha davr haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlariga ehtiyojimiz bor."
Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi Ikrom Abdullayev ushbu maqsadda zarur eksponatlar, ilmiy manbalar va 3D formatda tayyorlangan roliklar tayyor ekanini bildirdi.
"Markaz ekspozitsiyasini boyitish uchun akademiya eksponatlari va qo‘shimcha ilmiy manbalar taqdim etishga tayyormiz. Qolaversa, akademiyada faoliyat yuritgan olimlar va ularning ixtirolari haqida 3D formatda roliklar tayyorlaganmiz. Buni xorijlik hamkorlarga taqdim etib, ular ustida qayta ishlab boyitishni o‘z oldimizga maqsad qilganmiz. Shuningdek, ekspozitsiyada Ma’mun akademiyasining interaktiv maketini barpo etmoqchimiz. Tashrif buyuruvchilar zamonaviy ko‘zoynaklar orqali Ma’mun akademiyasiga sayohat qilish imkoniga ega bo‘lib, u yerdagi olimlarning ilmiy faoliyati va jarayonlarni kuzatish, ixtirolarni tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi."
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, loyihani amalga oshirishda muntazam aloqalarni davom ettirish bo‘yicha kelishib olindi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
