XX asrdagi davlatchilik, jamiyat, siyosat va maʼnaviyat interaktiv talqinda
🔴 Tariximizni yanada anglash loyihasi
🔴 Jadidlardan istiqlolgacha...
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Oʻzbekiston XX asrda” boʻlimi ekspozitsiyasini takomillashtirishga bagʻishlangan navbatdagi ishchi yigʻilish boʻlib oʻtdi. Mazkur ekspozitsiya loyihasi mamlakatimizda XX asrda yuz bergan davlatchilik tarixi, jamiyat taraqqiyoti, siyosiy jarayonlar va maʼnaviy-madaniy oʻzgarishlarni ilmiy-nazariy asosda yoritishga qaratilgan.
200 kvadrat metr maydonni egallagan boʻlimda tarixiy voqealar diod ekranlari yordamida interaktiv shaklda namoyish etilishi rejalashtirilgan. Ekspozitsiyaning asosiy maqsadi — jadid maʼrifatparvarlari faoliyati, sovet davridagi siyosiy muhit, ilm-fan va sanʼatdagi oʻzgarishlar hamda mustaqillikning dastlabki yillaridagi yutuqlarni tarixiy panorama sifatida keng jamoatchilikka taqdim etishdan iborat.
Yigʻilishda “Antalex” MChJ bosh direktori Bulat Shaymardonov tomonidan ekspozitsiya konsepsiyasi boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Unda ekspozitsiya 4 qismdan iborat boʻlishi, har bir davr uchun xos arxitektura, ramziy va kollaj elementlarini tadqiq etish zarurligi taʼkidlandi.
Taʼkidlangan toʻrt qism quyidagicha shakllanishi rejalashtirilmoqda:
➖Jadidlargacha boʻlgan davr (XIX asr oxiri — XX asr boshlari): Sitorai Mohi Xosadagi choʻpkorlik uslubi va fonarlar ramzidan foydalanish taklifi berildi.
➖Jadidlar davri: Eski Toshkent va Buxoro arxitektura inshootlarini inkorporatsiya qilish orqali maʼrifatparvarlik muhitini yaratish nazarda tutilmoqda.
➖Shoʻrolar davri: Paxta va ikki boshli burgut kabi simvolik tasvirlar orqali totalitar siyosiy muhit aks ettiriladi.
➖Mustaqillik davri: Yangi inshootlar va zamonaviy oʻzgarishlarning umumiy-ramziy ifodasi yaratiladi.
Tarixchi olimlar, jumladan, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov va muzey katta ilmiy xodimi Bahrom Irzayev tomonidan bir necha takliflar bildirildi.
Xususan, ekspozitsiyada shaxslar obrazlariga alohida eʼtibor qaratish, oʻsha davr ogʻriqlarini his qilish uchun tasvirlarni rangsiz va tiniq uslubda taqdim etish zarurligi taʼkidlandi.
Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati, ushbu ekspozitsiya nafaqat ilmiy jihatdan muhim, balki keng jamoatchilik va kelajak avlod uchun taʼlimiy va maʼnaviy ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
