Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasidan Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasiga 500 dan ortiq kitob hadya qilindi



 

    Bugun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi oʻrtasidagi samarali hamkorlik doirasida muhim madaniy va maʼrifiy voqea roʻy berdi. Markaz kutubxonasiga 500 dan ortiq noyob va qimmatli kitoblar toʻplami sovgʻa qilindi.

 

    Markaz vakillarining Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga tashrifi chogʻida amalga oshirilgan ushbu kitob taqdimoti kutubxona fondini yurtimiz adabiyoti, maʼnaviyati va tarixini aks ettiruvchi adabiyotlar bilan boyitishga qaratilgan muhim qadam boʻldi.



 

    Hadya qilingan nashrlar orasida oʻzbek adabiyotining klassik va zamonaviy namoyondalari asarlari, adabiy tanqid va tahlilga oid ilmiy manbalar, maʼnaviy-maʼrifiy va tarixiy adabiyotlar, ilmiy-badiiy va ommaviy-nazmiy yoʻnalishdagi nashrlar mavjud. Ushbu kitoblar nafaqat Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati uchun, balki yosh tadqiqotchilar, adabiyotshunoslar va keng jamoatchilik uchun manfaatli bilim manbai boʻlib xizmat qiladi. Taʼkidlash joizki, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi tomonidan ham markaz kutubxonasiga siyosiy va xalqaro munosabatlar mavzulariga oid kitoblar toʻplami hadya qilingan edi.

 

    Markaz vakillari, ushbu hadya va hamkorlik uchun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga minnatdorlik izhor etar ekan, kutubxona faoliyatini yanada rivojlantirish, Islom sivilizatsiyasi va milliy adabiyot merosini chuqur oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishini maʼlum qiladi.