“Sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlar devori”: Islom sivilizatsiyasining vizual ensiklopediyasi yaratilmoqda
🔴 Tarixni texnologiya bilan gapirtirgan ekspozitsiya
🔴 Ilm-fan, shaxsiyat va davlatchilikni uygʻun qilgan devor
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining “Sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlar devori” deb nomlangan ekspozitsiya konsepsiyasi muhokamasi boʻlib oʻtdi. Ushbu keng koʻlamli uchrashuvda markaz olimlari, ilmiy xodimlar, mutaxassislar hamda xalqaro tajribaga ega dizaynerlar ishtirok etdi.
Ekspozitsiyaning ushbu qismi markazning Birinchi Renessans davriga bagʻishlangan boʻlimida joylashtirilishi koʻzda tutilgan. Mazkur “devor”da sivilizatsion taraqqiyot bosqichlari, buyuk mutafakkirlar faoliyati va ularning jahon ilm-faniga qoʻshgan hissasi interaktiv, vizual va taʼlimiy formatda taqdim etiladi.
Taqdim etilgan kontentlar orasida tarixiy xaritalar, tangalar, qoʻlyozmalar, hujjatli filmlar, zamonaviy vizual texnologiyalarga asoslangan oʻyinlar va videomateriallar bor. Ular har uch xronologik blokka boʻlingan holda aks ettiriladi. Bu bloklarda Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino kabi siymolarning dunyoviy ilmiy yutuqlari maxsus maʼlumotlar va eksponatlar bilan yoritiladi.
– Xar bir blok mazmuniy va vizual bogʻliqlikda yaratilmoqda. Bu ekspozitsiya nafaqat tarixiy maʼlumot beruvchi koʻrgazma, balki yoshlar uchun ilmiy-maʼrifiy sayohatga aylanadi, – dedi markaz ilmiy xodimi Obid Tangirov.
Muhokama chogʻida kontentlarning tarkibiy qismlari, mavzularning uygʻunligi va texnologiya bilan boyitish imkoniyatlari yuzasidan qator takliflar bildirildi. Xususan, ushbu “devor” modeli boshqa tematik ekspozitsiyalarga ham mos ekani qayd etildi.
Yigʻilish yakunida ishchi guruh ushbu ekspozitsiyani xalqaro koʻrgazmalar standartlariga mos holda toʻldirish, jozibador va interfaol muhitda taqdim etish yuzasidan rejalarni kelishib oldi. “Sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlar devori” Markaz konsepsiyasining markaziy gʻoyalarini aks ettiruvchi bilim va ilhom manbai sifatida namoyon boʻladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
