Islom sivilizatsiyasi muzeyi: Birinchi Renessans ekspozitsiyasidagi ilmiy yondashuvlar
🔴 Interaktiv kapsulalar va 3D dizayn: Islom merosiga zamonaviy talqin
🔴 Beruniy va Ibn Sinodan ilhomlangan muzey kapsulalari va ilmiy moʻʼjizalar
🔴 Yoshlarga ilhom bagʻishlovchi ekspozitsiya
2025 yil 2 avgust kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Muzeyning “Birinchi Renessans” boʻlimiga bagʻishlangan navbatdagi ilmiy-ijodiy muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda boʻlim konsepsiyasi, tematik ekspozitsiyalar va vizual dizayn yechimlari batafsil koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda 7 ta tematik kapsula boʻyicha eksponatlar roʻyxati, ularni joylashtirish tartibi, interaktiv texnologiyalar hamda ilmiy yondashuvlar muhokama qilindi. Har bir kapsula uzluksiz tarixiy manzara yaratishi, maʼnaviy mazmunni anglatishi hamda yosh avlod uchun ilhom manbaiga aylanishi lozimligi taʼkidlandi.
Muhokama jarayonida Italiyaning Magister art kompaniyasi dizaynerlari tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy dizayn yechimlari taqdim etildi. Taʼkidlash joizki, mazkur yechimlar 3D vizuallash, yorugʻlik texnologiyalari va interaktiv ekranlar orqali ekspozitsiyaning mazmun-mohiyatini chuqurroq ochib berishga xizmat qiladi.
Yigʻilish doirasida quyidagi kapsulalarga alohida eʼtibor qaratildi:
1-kapsula: Islom dini tarixi va paygʻambarlar shajarasini 7 metrlik interaktiv maket orqali taqdim etish taklifi bildirildi.
3-kapsula: Imom al-Buxoriy, Abu Lays Samarqandiy va Qaffol Shoshiy kabi ulamolarning fiqh, hadis va siyratga oid asarlari zamonaviy vizual formatda namoyish etiladi.
4-kapsula: Abu Rayhon Beruniyning “Asturlob” asbobi, Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari nusxasi hamda ularning oʻzaro yozishmalari asosiy eksponat sifatida belgilab olindi.
Markaz rahbari, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov yigʻilish yakunida shunday dedi:
“Har bir kapsula – bu oʻziga xos ilmiy voqelik, har bir eksponat – buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosdir. Biz faqat tarixni aks ettirish emas, balki uni zamonaviy tilda yosh avlodga tushunarli va ilhomlantiruvchi tarzda namoyish etishni maqsad qilganmiz”
Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz oldiga tarixiy haqiqatni zamonaviy vositalar orqali taqdim etish, ajdodlar merosini ilmiy-tarbiyaviy maqsadda xalqimiz, xususan yoshlar ongiga singdirishni ustuvor vazifa qilib olgan.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
