Qoʻlyozmalar, choponlar va Shashmaqom: Islom sivilizatsiyasi markazida ekspozitsiyalar kengaymoqda

 

🔴 Ekspozitsiyadagi hayrat: Umar Aqto Qurʼoni, Ermitajdagi mulyajlar va London gilamlari

 

🔴 Oʻtmishni koʻrish, eshitish, his qilish: ekspozitsiyada 3D tarix



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida markaz ekspozitsiyalarini yanada boyitish, ilmiy konsepsiyalarni takomillashtirish va amaliy rejalarni muvofiqlashtirish maqsadida navbatdagi ilmiy-ijodiy muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda markaz rahbariyati, masʼul xodimlar, ilmiy kengash aʼzolari va soha olimlari ishtirok etdi.

 

    Muhokama davomida qator muhim masalalar koʻrib chiqildi. Jumladan, Qurʼoni Karimning mashhur qoʻlyozma nusxalaridan biri — Umar Aqto tomonidan koʻchirilgan noyob nusxa markaz kutubxonasiga olib kelinayotgani maʼlum qilindi. Ushbu muqaddas nusxani maxsus sharoitda namoyish qilish yuzasidan tavsiyalar berildi.

 

    Shuningdek, “Ulugʻtogʻ bitigi”ning Amir Temur davriga tegishli ekani haqidagi ilmiy xulosalar, Ermitaj muzeyida saqlanayotgan asl nusxa asosida uning mulyajini tayyorlash va ekspozitsiyada namoyish etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu vizual vosita tarixiy voqelikni real shaklda koʻrsatishga xizmat qiladi.

 

    Muzeyning “Oʻzbek xonliklari” davriga bagʻishlangan boʻlimi uchun Buxoro va Qoʻqon xonliklariga oid zardoʻzlik choponlarning mulyajlari, Xivaning anʼanaviy gilamlari ekspozitsiyaga joylashtirilishi koʻzda tutildi. Shuningdek, London auksionlari orqali Xivaning noyob gilamlarini olib kelish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

 

    Oʻzbekistonning boy musiqiy merosini aks ettirish maqsadida “Shashmaqom”ning oltita asosiy kuyini multimediaviy formatda taqdim etish – yaʼni eshitish, koʻrish va his qilish orqali namoyish etish taklifi bildirildi. Bu tashabbus yurtimiz musiqiy sivilizatsiyasini zamonaviy texnologiyalar asosida keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qiladi.

 

    Temuriylar tarixi Davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyevning qayd etishicha, Ulugʻtogʻ bitigi Amir Temur davriga oid muhim ashyo hisoblanadi.

 

– Bugungi kunda Rossiya Davlat Ermitajida saqlanayotgan ushbu ashyoning mulyajini aynan Ermitaj muzeyidan xarid qilish juda muhim hisoblanadi. Katta oʻlchamdagi ushbu toshning mulyaji hali Oʻzbekistondagi birorta muzeyda mavjud emas. Chunki mulyajning toshdagi  har bitta detallarni oʻrganib tayyorlash talab etiladi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shunday ulkan masʼuliyatni zimmasiga olib amaliy saʼy-harakatlarni boshlab yuborgan, – dedi X.Fayziyev. 



 

    Yigʻilishda markaz kutubxonasining konsepsiyasi ham alohida muhokama qilindi. Qoʻlyozma va nashrlar roʻyxatini shakllantirish, Ilmiy kengash tasdigʻi asosida smeta tayyorlash vazifasi belgilab berildi. Shuningdek, kutubxona “Vaqt devori”ning oxirida joylashtirilib, Temuriylar kutubxonasi konsepsiyasida tashkil etilishi taklif etildi.

 

    Ekspozitsiyalarda namoyish etiladigan media kontentlar — videolar, infografikalar, audio va boshqa elementlarni yangilash, mavzularga mos holda shakllantirish va zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshirish yuzasidan aniq yechimlar belgilab olindi.

 

    Yigʻilish yakunida barcha bildirilgan taklif va fikrlar asosida yakuniy hujjat tayyorlanishi, tegishli ilmiy va amaliy guruhlar tomonidan bosqichma-bosqich joriy etilishi qayd etildi.



Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati