Sohibqiron bog‘lari Islom sivilizatsiyasi markazida
“...Har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqolar, hammomlar qurishni, musofir yo‘lovchilar uchun yo‘l ustida rabotni bino qilishni, daryolar ustida ko‘priklar qurishni buyurdim. Kimki biron sahroni obod qilsa yoki biron bog‘ ko‘kartirsa yoxud biron xarob bo‘lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa olmasinlar, uchinchi yili qonun-qoidaga muvofiq xiroj yig‘ilsin”.
Amir Temur, “Temur tuzuklari” asari
Sohibqiron Amir Temur o‘z davrida bog‘lar bunyod etish ishlariga alohida ahamiyat qaratgan. Tarixchi Hofiz Abro‘ning yozishicha, Amir Temur Xurosondagi Murg‘ob vodiysida obodonchilik va dehqonchilik ishlari xarob bo‘lganini ko‘rib, daryodan 20 ta kanal qazdirib, suv chiqarib dehqonchilik va obodonchilik ishlariga asos soladi. Uning topshirig‘i bo‘yicha Ko‘hak – Zarafshon, Amudaryo va Sirdaryoga ko‘priklar qurilgan. Sohibqironning farmoyishiga ko‘ra, Buxoro, Samarqand, Shahrisabz va Farg‘onada irrigatsiya – sug‘orish ishlari olib borilgan. Bunday bunyodkorlik ishlari davlatning boshqa hududlarida ham davom ettirilgan. U Tog‘li Qorabog‘da 42 km kanal qurdirgan. Janubiy Ozarbayjon (Eron)dagi Mug‘on shahrida 12 ta bog‘ barpo etgan. Amir Temur davrida betakror bog‘lar yaratilgan va ularga o‘ziga xos nomlar qo‘yilgan. Bular xususidagi dastlabki ma’lumotlar o‘tmish tarixchilari, shoirlar, sayyohlar asarlarida uchraydi. Shuningdek, Amir Temur bog‘lari o‘rta asrlar rassomlari miniatyuralarida ham tasvirlangan. Bu bog‘lar tuzilishiga ko‘ra ikki xil bo‘lgan:
Chorbog‘lar – geometrik (to‘rt burchak) shaklida bo‘lib, har tomoni taxminan 1 km masofaga cho‘zilgan. Sahnidan o‘tgan ariqlar ularni teng 4 qismga ajratib turgan. Atrofidagi baland devorlarning har burchagida minora bo‘lgan. Markazda Saroy joylashgan. Bunday bog‘larning darvozalari shahar tarafga qaratib qurilgan.
Tuzilishi geometrik shaklda bo‘lmagan, tabiiy daraxtzor va chakalaklar bag‘rida barpo etilgan bog‘lar. Bunday bog‘lar hukmdor ov qilishi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, asosiy qismi tabiiy holda saqlangan. Ularning kichik bir qismigagina dam olish uchun saroy va chodirlar qurilgan. Hovuzlar qazilib, favvoralar o‘rnatilgan. Bu turdagi bog‘larning o‘simlik va hayvonot dunyosi nihoyatda boy bo‘lgan.
Amir Temur bog‘laridan eng chiroyli va mashhurlari quyidagilar:
BOG‘I BALAND. Sohibqiron Samarqand shimolidagi Cho‘ponota maqbarasi yaqinida (hozirgi aeroport atrofida) nabirasi (Mironshohning qizi)ga atab qurdirgan. Uni barpo qilishda Eron, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlar bog‘chilik san’ati ustalari hamda me’morlari qatnashgan. Bog‘ o‘rtasida Tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli qasr bo‘lib, uning atrofidagi uzumlar, anjirzor va olmazorlar bog‘ga go‘zal bir tarovat baxsh etib turgan.
BOG‘I BEHISHT. Bu bog‘ni Amir Temur 1378-yil Samarqandning G‘arbida Xayruniso malikaga atab qurdirgan. Ayrim yozma manbalarda “Bog‘i Jannat” nomi bilan ataladi. Bog‘ o‘rtasidagi atrofi xandaq bilan muhofaza etilgan sun’iy tepalik ustida tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli saroy bo‘lgan. Saroyga bir necha ko‘tarma ko‘priklar orqali kirilgan. Bu bog‘ning bir tarafida hayvonot bog‘i bo‘lib, turli xil hayvonlar saqlangan.
BOG‘I DAVLATOBOD. Bu bog‘ Samarqanddan 13 km Janubda, hozirgi katta O‘zbekiston traktining chap tomonida bo‘lgan. Amir Temur bu bog‘da zafarli yurishlardan qaytgach, dam olgan, xorijiy elchilarni qabul qilgan. Unda ariqlar, to‘rtta hovuz, katta saroy bo‘lgan. Saroy sun’iy tepa ustiga qurilgan, atrofi xandaq bilan o‘ralgan. Unga ikkita ko‘tarma ko‘prik orqali kirilgan.
BOG‘I DILKUSHO. Malika Tukalxonim sharafiga qurilgan bu bog‘ Samarqanddan 5 km Sharqda, Panjakent yo‘lining o‘ng tomonida (qadimiy G‘ijduvon qishlog‘i o‘rnida) joylashgan. Bog‘dagi saroy devorlariga Sohibqiron olib borgan urushlardan lavhalar chizib qo‘yilgan.
BOG‘I JAHONNOMA. Amir Temur Samarqanddan yetti farsax (42 km) narida, Zarafshon tog‘i etagida qurdirgan (taxminan Urgut tumanida). Unda saroy va qal’a bo‘lgan. Bog‘ning hududi juda ham katta bo‘lib, yo‘qolib qolgan ot 6 oydan so‘ng topilgan ekan.
BOG‘I MAYDON. Cho‘ponota tepaligi etagida, Samarqandning shimolida joylashgan. Tarixiy manbalarga qaraganda, bog‘da hashamatli bir ayvon (ko‘shk) va qimmatbaho toshlardan yasalgan taxt bo‘lgan. Amir Temurning nevarasi Mirzo Ulug‘bek bu bog‘ni yanada obod qilgan.
BOG‘I NAV. Bu bog‘ni 1404-yilda Amir Temur Samarqandning Janubida qurdirgan. Lolazor qishlog‘i o‘rnida joylashgan. Bu bog‘ to‘rtburchak shaklida bo‘lib, atrofi baland paxsa devor bilan o‘ralgan, har burchagida minora qad ko‘tarib turgan.
BOG‘I CHINOR. Amir Temur Samarqandning Sharqida (Konigilning janubiy-g‘arb tarafida, hozirgi Qo‘shtamg‘alik tepaligi o‘rnida) barpo qildirgan. Unda ajoyib chinorlar ko‘p bo‘lgan. Bog‘ning markazida saroy joylashgan.
BOG‘I SHAMOL. Bu bog‘ Samarqandning G‘arbida bo‘lgan. Undagi saroy to‘rtburchak shaklida bo‘lib, har tomoni 1500 qadamni tashkil qilgan. Devorlarga marmar qoplanib, sahni qayrag‘och va fil suyagidan ishlangan. Bu bog‘ joylashgan hudud va u yerdagi ariq hozir ham Bog‘i Shamol deb ataladi.
Amir Temur Samarqand atrofida bulardan tashqari, yana bir qancha bog‘ va saroylar barpo etgan. Chunonchi, Bog‘i buldu, Bog‘i zog‘on, Bog‘i naqshi jahon, Bog‘i amirzoda Shohrux, Bog‘cha, Bog‘i dilafro‘z, Bog‘i sheron, Gulbog‘, Lolazor, Bedana qo‘rig‘i, Chumchuqli, G‘ozxona va boshqalar bir-biridan qolishmagan. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosi orqasida barpo etiladigan Islom sivilizatsiyasi bog‘i uchun Amir Temur bog‘lari maketlarini yaratish rejalashtirilmoqda. Har bir bog‘ chiroyli sharqona panjara bilan ajratiladi. Yuqorida nomlari keltirilgan bog‘larga monand tarzda 9 ta bog‘, unda Amir Temur davri va zamonaviy me’morchilik an’analariga asoslangan holda bog‘ markazida marmardan, g‘isht va toshdan, boshqa materiallardan maxsus kichik saroylar, ariqlar, favvoralar, kichik hayvonot bog‘lari (tovus, kiyik, qirg‘ovul va boshqa manzarali jonivorlar burchaklari) tashkil qilinadi. Har bir bog‘ Amir Temur bog‘lari nomi bilan atalishi ko‘zda tutilgan.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
