Yurtimizdan chiqqan yana bir buyuk astronom nomi maʼlum boʻldi
🔴Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kashf etgan meros
🔴 1410 yillarda Temuriylar saroyida qayta koʻchirilgan qoʻlyozma
Ilm va maʼrifatga muhabbat, fazilatga intilish — Oʻrta asr Sharq jamiyatlarida hayot tarzi darajasiga koʻtarilgan qadriyatlar edi. Bu ruhda yetishib chiqqan mutafakkirlar faoliyati va merosi orqali zamonaviy ilm-fan oʻz ildizlarini anglab yetadi. Bugungi kunda ana shunday unutilgan, ammo juda katta ilmiy ahamiyatga ega manbalarni izlab topish va qayta tadqiq etish borasidagi saʼy-harakatlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy vazifasidir.
Shunday manbalardan biri — XIII asrda yashab oʻtgan astronom va munajjim Alishoh ibn Muhammad ibn Qosim Xorazmiyning “Ravzatul-munajjimin” (“Munajjimlar bogʻi”) nomli astronomik asaridir. Bu noyob qoʻlyozma Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi: qayta kashf etilgan meros
Markaz oʻz ekspozitsiyalarida nafaqat keng tanilgan allomalar, balki tarixiy manbalarda kam tilga olingan, ammo oʻz davrida muhim ilmiy ishlar qilgan olimlar merosini ham namoyon qilishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bu orqali tomoshabinlarda nafaqat tarixiy faxr uygʻotiladi, balki zamonaviy ilm-fan taraqqiyotiga zamin boʻlgan jarayonlarga nisbatan munosabat shakllanadi.
Alishoh Xorazmiyning mazkur asari ana shunday ilmiy qayta kashf etishlar samarasidir. Uning nomi ilk bor Turkiyaning Istanbul universiteti kutubxonasidagi qoʻlyozmada uchragan. Asarda muallifning ilmiy faoliyati, astronomik kuzatuvlari va yulduzlarning inson hayotiga taʼsiriga oid fikrlari bayon etilgan.
Asar haqida qisqacha maʼlumot
“Ravzatul-munajjimin” — bu asar faqat nazariy emas, balki amaliy astronomiyaga oid bilimlarni ham oʻz ichiga oladi. Unda yulduzlar, burjlar va osmon harakatlari, ularning taqdirga taʼsiri, kunlar va oylar taqvimi haqida mukammal jadval va bayonlar keltirilgan. Asardan maʼlum boʻlishicha, muallif avval Kaʼbaga safarga otlangan, ammo Bagʻdodda siyosiy vaziyat tufayli toʻxtab qolgan. Shu yerda mahalliy hokim uni saroyga taklif qilgan va astronomik asar yaratishni buyurgan.
Ushbu jarayonda munajjimga nafaqa va uy-joy taʼminlanadi. U ikki yil davomida Bagʻdodda faoliyat yuritib, asarni 690 hijriy (1291 milodiy) yilda tugatadi. Asardagi kuzatuvlar va hisob-kitoblar bugungi ilmiy standartlar bilan solishtirganda ham yuqori aniqlikda ekanligi olimlar tomonidan eʼtirof etilgan.
Alishoh Xorazmiy kim boʻlgan?
Muallif asarning muqaddimasida oʻzini “Aloi Munajjim al-Buxoriy” deb atagan. Bu esa uning Xorazmiy va Buxoriy nisbasini birgalikda qoʻllaganligini koʻrsatadi. Ehtimol, u Buxoroda tugʻilib, keyinchalik Xorazm hududida yashab, faoliyat yuritgan. Maʼlumki, XIII asr boshlarida Buxoro va Xorazm oʻrtasidagi siyosiy bogʻliqlik mavjud boʻlgan, baʼzi manbalarda Buxoro Xorazmshohlar tomonidan boshqarilgan shahar sifatida qayd etilgan.
Shu boisdan olimning ikki xil nisba qoʻllagani uning shaxsiy va siyosiy-geografik mansubliklari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Asarning tarixi va tarqalishi
Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, “Ravzatul-munajjimin” asari oʻrta asrlarda koʻplab hududlarda qayta koʻchirilgan. Hozirga qadar uning 200 dan ortiq nusxasi dunyo boylab turli kutubxonalarda saqlanayotgani maʼlum. Jumladan, ushbu asar Mirzo Ulugʻbek tomonidan yozilgan “Ziji Jadidi Koʻragoniy” uchun nazariy asos sifatida xizmat qilgani taʼkidlanadi.
Markaz ekspozitsiyasidagi mazkur asar qoʻlyozmasi 1410 yillarda Temuriylar saroyida qayta koʻchirilgan. Uning bosh sahifasida miniatyuraga ega boʻlib, unda bir guruh munajjimlar rasadxonada usturlob yordamida osmon harakatlarini kuzatib turgan lavha aks etgan. Bu tasvir ham nafaqat sanʼat asari, balki astronomik faoliyatning ifodasidir.
Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida “Munajjimlar bogʻi” asarining namoyish etilishi — nafaqat uning tarixi va ilmiy qimmatini ommaga yetkazish, balki islom ilm-fani rivojida turkiy xalqlar, xususan, Xorazm va Buxoro allomalarining hissasini keng koʻrsatishga qaratilgan muhim tashabbusdir.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
