WOSCU kolleksiyasi va hadyalar: Oʻzbekistondagi megaloyiha uchun tarixiy kolleksiyalar saralanmoqda

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasini mazmun va shakl jihatidan boyitish ishlari yakuniy bosqichga yaqinlashmoqda. Har bir boʻlimni tarixiy davriylik asosida toʻgʻri va ilmiy tasvirlash, eksponatlarni toʻgʻri joylashtirish maqsadida amaliy jarayonlar qizgʻin surʼatda davom etmoqda.

 

    Ekspozitsiya uchun yurtimiz tarixini aks ettiruvchi turli osori-atiqalar, qadimiy ashyolar va tarixiy artefaktlar saralab olinmoqda. Ularning mavzuviy va davriy tegishliligi asosida alohida boʻlimlarga joylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

 

    Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov boshchiligida oʻtkazilgan navbatdagi muhokama yigʻilishida boʻlimlar koordinatorlari hamda xalqaro hamkor tashkilotlar ishtirokida muhim materiallar muhokama qilindi. Xususan, WOSCU – Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, asrash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan taqdim etilgan mashhur “Shotlandiya kolleksiyasi” hamda turli tarixiy hadyalar koʻrib chiqildi.

 

    WOSCU tomonidan taqdim etilgan noyob eksponatlar quyidagicha taqsimlandi:  

    “Islomdan avvalgi davr” boʻlimi uchun — Sopollitepa buyumlari  

    “Birinchi Renessans” boʻlimi uchun — Afrosiyobdan topilgan, arabiy bitiklar bilan bezatilgan kulolchilik buyumlari

    “Temuriylar – Ikkinchi Renessans” boʻlimi uchun — oʻsha davrga oid miniatyuralar

     “Xonliklar davri” boʻlimi uchun — soʻzana, gilamlar va zargarlik buyumlari

 

    Shuningdek, markazga hadya qilingan ashyolar orasidan ham har bir boʻlim uchun tarixiy va davriy jihatdan mos keladigan artefaktlar tanlab olindi. Ushbu obʼektlar muzey ekspozitsiyasida yuksak estetik va ilmiy mazmunda namoyon boʻlishi koʻzda tutilmoqda.

 

    Mazkur saʼy-harakatlar Islom sivilizatsiyasi markazining muzeyshunoslikdagi nufuzini oshirish, xalqimiz va jahon jamoatchiligiga asl tarixni haqqoniy va taʼsirchan tarzda yetkazishga xizmat qiladi.