Yangi Oʻzbekiston shunchaki raqamli hisobotlar bilan emas, balki innovatsion yondashuvlarda jonlanmoqda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans” boʻlimiga bagʻishlangan navbatdagi muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Markaz rahbariyati, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, tegishli vazirlik va idoralar, tarixchi olimlar, mustaqil tadqiqotchilar hamda Rossiyaning yetakchi dizayn kompaniyalari — “Sila Sveta” va “Planet 9” mutaxassislari ishtirok etdi. Yigʻilishda boʻlim konsepsiyasi, vizual yechimlari va ekspozitsion mazmunini yanada boyitish masalalari keng qamrovda muhokama qilindi. Boʻlimda Yangi Oʻzbekistondagi tub islohotlar, ijtimoiy-siyosiy yangilanishlar, qurilish va infratuzilma, taʼlim, tibbiyot, sport, mudofaa, tashqi siyosat kabi sohalarda erishilayotgan yuksak natijalar zamonaviy vizual yechimlar asosida aks ettirilishi belgilangan.
Otabek Hasanov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari:
“Dastlab vazirlik va idoralarga boʻlim doirasidagi pavilonlar uchun mustaqil mazmun shakllantirish topshirilgan edi. Ammo ilk taqdimotlarda aniq gʻoyaviy konsepsiya yoʻqligi, natijalarnigina taqdim qilish bilan cheklanish holatlari kuzatildi. Shundan soʻng ilmiy tahlil va chuqur yondashuv orqali qayta muhokamalar oʻtkazildi. Haqiqiy islohotlar mohiyati ana shunda oydinlashdi”.
Taʼkidlash lozimki, mazkur boʻlim kelajak avlod uchun islohotlar, gʻoyalar va yangilanishlar makoni sifatida xizmat qilishi, ilmiy-tadqiqot markazining zamonaviy yuzini namoyon etishi koʻzda tutilgan. Yigʻilish davomida Rossiyaning nufuzli dizayn kompaniyalari – “Sila Sveta” va “Planeta 9” dizaynerlari oʻz taklif va innovatsion gʻoyalari bilan ishtirok etdi. Xususan:
3D formatdagi eksponatlar,
Sunʼiy intellekt orqali yaratilgan vizual shahar maketlari,
Tarixiy davrlarga mos kompozitsiyaviy yechimlar,
Ranglar psixologiyasiga asoslangan jozibali dizayn taklif qilindi.
Shuningdek, mahalla institutining jamiyatdagi oʻrni, milliy va zamonaviy meʼmorchilik yutuqlarini namoyon etuvchi alohida loyihalar boʻlimning ajralmas qismiga aylanishi zarurligi qayd etildi. Muhokamalarning markaziy mavzularidan biri – har bir eksponat orqali muayyan gʻoya, tarixiy va maʼnaviy xabarni yetkazish, texnologiya va mazmun uygʻunligini taʼminlash boʻldi. Markaz rahbari, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov bu hali ishning boshlanishi ekanligini qayd etdi.
– Avvalo, ushbu boʻlim ekspozitsiyasini shakllantirishda, shuningdek, muhtaram Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan topshiriqlarni yuqori darajada bajarishda faol ishtirok etayotgan barcha vazirlik va idoralar rahbarlariga chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman. Biroq bu hali ishning boshlanishi, oldimizda eng muhim bosqich — kontentni mazmunan boyitish vazifasi turibdi. Endi bizdan har bir detalga, har bir ekspozitsiyaga alohida eʼtibor bilan yondashish talab etiladi. Chunki bu boʻlim orqali nafaqat islohotlar tarixini, balki bugungi Oʻzbekistonning zamonaviy rivojlanish surʼatini xalqimizga haqqoniy, toʻliq va taʼsirli tarzda namoyish qilishimiz kerak. Bugun biz har qanday ilmiy asoslangan gʻoya, innovatsion yondashuv yoki ekspozitsiyani boyitishga xizmat qiladigan takliflarni tinglashga va amaliyotga joriy etishga tayyormiz. Bu yondashuv – kelajak avlodga qoldirayotgan muhim ilmiy-maʼnaviy merosimiz asosiga aylanadi“,
dedi F.Abduxoliqov.
Yigʻilish yakunida masʼul tashkilot va idoralarga aniq vazifalar yuklatildi hamda keyingi amaliy bosqichlar boʻyicha muddatlar belgilab olindi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
