Surxondaryoda Aleksandr Makedonskiy tomonidan koʻprik qurilganmi?



 

    Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumanida joylashgan tarixiy inshoot — Iskandar koʻprigi haqida xalq orasida turli rivoyatlar yuradi. Ularning aksariyati ushbu koʻprik yunon sarkardasi Aleksandr Makedonskiy tomonidan qurilgan degan qarashlarga borib taqaladi. Ammo ilmiy tadqiqotlar va tarixiy manbalar bu daʼvoni qayta koʻrib chiqishni talab etadi.

 

    Oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, koʻprikning “Iskandar” deb nomlanishi uning tarixiy qurilish davriga emas, balki Shayboniylar sulolasidan boʻlgan Abdullaxonning otasi — Iskandar sulton nomiga bogʻliq. XVI asrda hukmronlik qilgan Abdullaxon tomonidan barpo etilgan ushbu koʻprik xalq orasida otasining ismi bilan atalgan va vaqt oʻtishi bilan Aleksandr Makedonskiy bilan adashtirila boshlangan.

 

    Koʻprikning tarixi haqida maʼlumotlar Termiz arxeologiya muzeyida saqlanadi. Maʼlumotlarga koʻra, koʻprik XVI asrda qurilgan va qurilishda 26×26×45 sm oʻlchamdagi gʻishtlar, ohak, ganch, alebastr va yogʻoch materiallar ishlatilgan. U murakkab meʼmorchilik yechimlari va mahalliy ustalar mahoratini namoyon etgan.

 

    Koʻprik “Buyuk ipak yoʻli” davrida savdo aloqalarini taʼminlashda muhim rol oʻynagan.

 

    Hozirgi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan ushbu tarixiy koʻprikning maketini qayta yaratish ishlari olib borilmoqda. Maket ilmiy manbalar, arxeologik maʼlumotlar va meʼmoriy tahlillar asosida ishlab chiqilmoqda. Bu loyiha Islom madaniyati va meʼmorchiligi merosini hujjatlashtirish, vizual tiklash va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadini koʻzlaydi.

 

    Tayyorlanayotgan maket kelgusida Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida doimiy namoyish etiladi. Bu orqali yurt ahli va mehmonlar XVI asrdagi Islom arxitekturasining ushbu noyob namunasini oʻz koʻzlari bilan koʻrish, oʻrganish va anglash imkoniyatiga ega boʻladi.

 

    Iskandar koʻprigi — bu faqat tarixiy inshoot emas, balki xalq xotirasi, ilm, meʼmorchilik va madaniy merosning yorqin namunasidir. Islom sivilizatsiyasi markazining ushbu tashabbusi yurtimizdagi moddiy va maʼnaviy merosni asrab-avaylashdagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.