Tarixni ilmiy asosda jonlantiruvchi ekspozitsiya: XVI–XIX asrlarga immersiv sayohatga tayyormisiz?
🔴 Koinot ichidagi Ulugʻbek merosi koʻz oʻngingizda jonlanadi!
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasida taqdim etiladigan immersiv shou sizni tarix tomoshabini emas, balki ishtirokchisiga aylantiradi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida XVI–XIX asrlarga oid tarixiy voqealarni ilmiy, vizual va texnologik yondashuvda namoyon etish boʻyicha amaliy ishlar jadal surʼatda davom etmoqda. Markaz mutaxassislari va dizaynerlar oʻrtasida oʻtkazilgan navbatdagi muhokamada ushbu davrni keng qamrovda, haqqoniy va taʼsirchan tarzda yoritish boʻyicha muhim konsepsiyalar tahlil qilindi.
Yigʻilishda dizayn takliflariga qaramasdan, markazning ilmiy jamoasi tarixiy asllik va manbaga tayanilgan yondashuvni ustuvor deb hisoblab, oʻz yondashuvlarini qatʼiy saqladi.
Muhokamalar davomida Turkiston mintaqasidagi beshta asosiy sulola – Shayboniylar, Ashtarxoniylar, Mangʻitlar, Qoʻngʻirotlar va Minglar faoliyati, ularning taʼlim, ilm-fan, sanʼat va meʼmorlik sohalaridagi yutuqlari toʻliq yoritilishi lozimligi alohida taʼkidlandi.
Tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova taʼkidlaganidek, Ashtarxoniylar davridagi maʼnaviy hayotni teran aks ettirish uchun Nodir Devonbegining madrasasi arxitekturasi, xususan peshtoqi, ekspozitsiyada vizual ramz sifatida alohida oʻrin egallashi lozim. Shu bilan birga, ushbu davrga oid vaqfnomalar, epigrafik yozuvlar, zamona allomalari va islohotchilari haqidagi maʼlumotlar ham chuqur tahlil asosida jamoatchilikka taqdim etiladi.
Bahs-munozaralar natijasida dizaynerlar ham tarixiy mazmunni toʻliq anglab, ekspozitsiyani estetik va zamonaviy shaklda ifoda etish bilan birga, tarixiy haqiqatni saqlab qolish tamoyiliga qatʼiy amal qilishlarini bildirdi.
Ilm-fanni his etish mumkinmi? — Immersiv shou bu savolga javob beradi
Muzey ekspozitsiyasining innovatsion qismlaridan biri — immersiv shou hududi. Bu yerda tomoshabinlar nafaqat tarixni koʻradi, balki uni his qiladi. Hozirda mazkur shouni amalga oshirish boʻyicha maxsus mutaxassislar bilan hamkorlikda texnik muhokamalar olib borilmoqda.
Shouning markaziy gʻoyasi — Mirzo Ulugʻbekning ilm-fan yutuqlari asosida Ikkinchi Renessans davrini jonli va texnologik vizuallashtirish. Tomoshabin koinot muhitiga “kirib”, yulduzlar harakati, sayyoralar va Ulugʻbek usturlobi orqali oʻlchashlar jarayonini audio-vizual taʼsirda his etadi.
Shu bilan birga, ekspozitsiyada tarixiy meʼmorlik namunalari, qurilish anʼanalari va maʼnaviy muhit ham yuqori realizm bilan qayta jonlanadi.
Ilmiy toʻgʻrilik va badiiy yechim uygʻunligi — markaz konsepsiyasining asosi
Ekspozitsiya tarixni faqatgina vizual va estetik tomondan emas, balki bilim manbai sifatida yetkazishni maqsad qilgan. Mazmun va shaklning uygʻunligi markazning har bir loyihasida asosiy mezon sifatida belgilangan. Yigʻilish yakunida olimlar va dizaynerlik jamoalari yakdil fikrga kelishdi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
