Shayboniyxon madrasasi maketi qayta tiklanmoqda
Islom madaniyati va arxitekturasining unutilgan sahifalarini jonlantirish maqsadida Oʻzbekistonda yana bir muhim ilmiy-amaliy loyiha boshlandi — Shayboniyxon madrasasi maketi manbalar yordamida qayta tiklanishi rejalashtirilgan.
Bu madrasa XVI asrda Shayboniylar sulolasi davrida barpo etilgan boʻlib, oʻz vaqtida faqat diniy taʼlim emas, balki madaniyat va ilm-fan taraqqiyotiga ham xizmat qilgan. Afsuski, bu meʼmoriy inshootning asl koʻrinishi zamon oʻtishi bilan yoʻqolgan, ammo tarixiy manbalar, meʼmoriy hujjatlar va arxeologik topilmalar asosida uning tiklanishi imkonsiz emasligi maʼlum boʻldi.
Maketni tayyorlash jarayonida Islom sivilizatsiyasi markazi, meʼmorlik va tarix sohasidagi mutaxassislar, shuningdek, Sharqshunoslik va arxeologiya sohasidagi ilmiy tashkilotlar hamkorlik qilmoqda. Maqsad — tarixiy adolatni tiklash, millatning maʼnaviy xotirasini boyitish va xalqimizni buyuk ilmiy va meʼmoriy meros bilan qayta tanishtirishdir.
Tayyorlanayotgan maket nafaqat estetik va ekspozitsion ahamiyatga ega, balki taʼlimiy vazifani ham bajaradi — u orqali yoshlarimiz XVI asrdagi madrasa meʼmorchiligi, Shayboniylar davridagi ilm-fan muhiti va Islom sivilizatsiyasining Oʻrta Osiyodagi oʻrni haqida vizual va amaliy tasavvurga ega boʻlishadi.
Tayyor maket kelgusida Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida doimiy namoyishga qoʻyiladi va jamoatchilikka ochiq boʻladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
