“Amir Temur davlati ramzlari” ekspozitsiyasi doirasida yangi medialoyiha: “Tarixiy manbalarda Amir Temur shajarasi”

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilayotgan “Amir Temur davlati ramzlari” nomli ekspozitsiya doirasida yana bir muhim medialoyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu loyiha — “Tarixiy manbalarda Amir Temur shajarasi” deb nomlanib, buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur hayotini keng jamoatchilikka zamonaviy shaklda taqdim etishga qaratilgan.


Loyiha doirasida, eng avvalo, tarixiy manbalarda keltirilgan Amir Temur shajarasi aks etgan sahifalarning faksimile nusxalari tayyorlanadi. Bu orqali mehmonlar o‘tmish yozuvlari va tarixiy hujjatlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu bilan birga, ekspozitsiya tarkibiga kiritiladigan bu faksimilelar tarixiy haqiqat va ishonchlilik tamoyillariga asoslangan holda yaratiladi.


Amir Temur shajarasidagi har bir tarixiy shaxs haqida batafsil ma’lumot beruvchi zamonaviy, multimedia vositalaridan foydalangan holda tayyorlangan kontentlar ham ekspozitsiya tarkibiga kiritiladi. Bu esa tashrif buyuruvchilarga nafaqat o‘qish, balki ko‘rish va eshitish orqali ham tarix bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Shuningdek, loyihaning yakuniy bosqichida “Amir Temur shajarasi” alohida nashr sifatida chop etilishi ham rejalashtirilgan. Ushbu nashr tarixchilar, tadqiqotchilar hamda keng jamoatchilik uchun qimmatli manbaga aylanishi kutilmoqda.


Bu tashabbus O‘zbekiston tarixiy merosini saqlab qolish, uni keng jamoatchilikka taqdim etish va yosh avlod qalbida milliy g‘urur va tarixiy xotirani mustahkamlashga xizmat qiladi. Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi loyihalar xalqimizning boy tarixini zamonaviy usullarda yoritish borasida muhim qadamlardan biridir.


Ma’lumot uchun, bugun 9-aprel sanasida yurtimiz bo‘ylab buyuk bobokalonimiz Amir Temurning 689-yilligi keng nishonlanmoqda.