Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrining 9 jildi nashr etildi


    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 10 fevraldagi 126-son Qaroriga muvofiq Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan mamlakatimizda saqlanayotgan noyob qoʻlyozmalar Davlat reyestrini tuzish boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda. Maʼlumot uchun Markaz tomonidan noyob qoʻlyozmalar Davlat reyestrining 9-jildi nashr etildi. 

 

    9-jildga kiritilgan 1000 ta qoʻlyozmadan  1000 donasi barchasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik qoʻlyozmalar fondlariga oid qoʻlyozmalar kiritilgan. Jildga kiritilgan maʼlumotlarning xronologik davri XI asr va  XX asr boshiga toʻgʻri keladi. Ushbu manbalar keng doiradagi fanlarni oʻz ichiga qamrab oladi. Xususan, Qurʼon, hadis, aqida, fiqh, islom tarixi, jahon tarixi, adabiyot tarixi, falsafa, huquq, kimyo, tibbiyot, tillar, farmakologiya, geografiya, musiqa,   mineralogiya, qishloq xoʻjaligi va boshqalar. 

 

    Qadimiy yozma manbalar arab, eski oʻzbek, fors, turk va tatar kabi musulmon Sharq xalqlarining tillarida yozilgan.

 

    Davlat reyestrining 9-jildiga kiritilgan asarlar ichida Abu Bakr Muhammad ibn Azizusning 491/1098 yil koʻchirilgan  Gʻoribul Qurʼon (Ajablanarli Qurʼon),  Abu Homid Muhammad ibn Muhammad Gʻazzoliying 544/1149 yil koʻchirilgan Kitabul iqtisod fil eʼtiqod (Eʼtiqodda eʼtiborli boʻlish kitobi), Ahmad ibn Abulhasan ibn Naʼim tomonidan 662/1264 yil koʻchirilgan Kitob ul-ahodis (Hadislar kitobi), Sirojiddin Oʻzjandiyning 569/1173 yil koʻchirilgan Muxtasar Gʻiroril axbor (“Gʻiror al-axbor”ning qisqacha mazmuni), Shayx Fariduddin Muhammad ibn Ibrohim Attorning 698/1299 yil koʻchirilgan Tazkirat ul-avliyo (Avliyolar tazkirasi), Abdulqohir ibn Tohir al-Bagʻdodiyning 647/1250 yil koʻchirilgan Tafsiri Abdulqohir, Abul Hasan Ali ibn Ahmad ibn Muhammad Vohidiy an-Nisaburiyning 600/1204 yil koʻchirilgan Vajiz fit-tafsir (ٍQisqacha tafsir), Najmiddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad an Nasafiyning  648/1250 yil koʻchirilgan Taysiri fi ilmi at-tafsir (Tafsir ilmini osonlashtirish), Abu Fazl Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Maydoniy Nisaburiyning   628/1230 yil koʻchirilgan Majmaʼul amsal  (Maqollar toʻplami), Najmiddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiyning 654/1256 yil koʻchirilgan Yavaqitu mavaqit (Vaqtlardagi zumradlar), Muslihiddin Saʼdiy Sheroziyning 722/1321 yil koʻchirilgan Ashʼori Saʼdiy (Saʼdiy sheʼrlari), Amir Xusrav Dehlaviyning 756/1355 yil  koʻchirilgan Xamsai Amir Xusrav (Amir Xusravning “Xamsa” asari), Muhammad ibn Tayfur al Gʻaznaviy al-Sijovandiyning 701/1302 yil koʻchirilgan Aynul maʼoniy fi sabʼil masaniy (Fotiha surasining tafsirida maʼnolar bulogʻi), Abu Homid Muhammad ibn Muhammad Gʻazzoliyning 716/1316 yil koʻchirilgan Ihyo ulumid din (Din ilmlarini tiriltirish),  Abulgʻoziy Bahodir Sulton Husayn Mirzo ibn Mirzo Mansur (Sulton Husayn Boyqaro)ning 1347/1928 yil koʻchirilgan Devoni Husayniy (Husayniyning  devoni) kabi XI asrdan  XX asr boshigacha koʻchirilgan nodir asarlar oʻrin olgan.