Islom merosi yangicha talqinda


🔴 Islom sivilizatsiyasidagi 700 yillik merosga yangi hayot 

 

🔴 Qurʼoni karimning yuksak maʼnaviy xaritasi tuzilmoqda

 

🔴 Tarixiy sahifalar qayta jonlanadi.



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan  “114 Qurʼon” loyihasi oʻz mazmun-mohiyati va yuksak ilmiy darajasi bilan islomiy merosni himoya qilish va uni kelajak avlodga yetkazishda muhim qadam boʻlmoqda. Bu loyiha nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

 

    Avval xabar qilganimizdek, VII asrdan to XX asrgacha boʻlgan davrda Turkiston va islom olami hududlarida yaratilgan, hozirda dunyo boy arxivlarida saqlanayotgan tarixiy va nodir Qurʼon qoʻlyozmalari ilmiy asosda oʻrganish orqali amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning asosiy maqsadi 114 ta Qurʼon nusxasiga bagʻishlangan kitob-albom tayyorlash hisoblanadi.

 

    “114 Qurʼon” loyihasining eng taʼsirli jihatlaridan biri — uning tashkiliy dizaynidir. Kitob muqovasi maxsus konsepsiya asosida tayyorlanib, unda Kaʼba yopinchigʻi — “kisva” bezaklari aks ettirilishi rejalashtirilgan. Bu vizual yechim kitobning muqaddas mazmunini yanada chuqurroq ifoda etadi va oʻquvchida ilohiy muhitni his qilishga xizmat qiladi.

 

    Bugun Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov rahbarligida Turkiyaning Istanbul universiteti professori, qoʻlyozmalar va islom madaniyati boʻyicha mutaxassis Emek Ushenmez va Markaz ilmiy xodimlari ishtirokida ushbu kitob-albom konsepsiyasi muhokamasi boʻlib oʻtdi. Qayd etilishicha, kitob oʻzbek, ingliz va arab tillarida nashr qilinishi hamda nashr jarayonida Turkiya va Germaniya noshirlari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

 

“Ushbu kitob nafaqat ilm-fan, balki maʼnaviyat va madaniyat uchun ham muhim ahamiyatga ega” deydi Firdavs Abduxoliqov. 

 

    Alohida taʼkidlash kerakki, “114 Qurʼon” — bu faqatgina qoʻlyozmalar toʻplami emas, balki maʼnaviy meros, ilmiy bilim va madaniy qadriyatlarni uygʻunlashtirgan loyihadir. U Qurʼoni Karimning tarixiy sahifalarini qayta jonlantiradi, Oʻzbekistonning islomiy sivilizatsiyada tutgan oʻrnini xalqaro maydonda yana bir bor eʼtirof etadi.

 

    Bu loyiha kelgusi avlod uchun muqaddas sahifalarni nafaqat oʻrganish, balki ixlos, bilim va iftixor bilan his qilish imkonini yaratadi.