Milliy davlatchiligimiz tarixi raqamli texnologiyalar bilan interaktiv yoritiladi
🔴Tarixni nafaqat oʻqish, balki koʻrish, eshitish va his etish vaqti keldi.
🔴Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasida ilmiy va texnologik yondashuvlar uygʻunlashgan holda oʻzbek xonliklarining boy merosi taqdim etilmoqda.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ikkinchi Renessansga bagʻishlangan "Oʻzbek xonliklari davri" ekspozitsiyasi zamonaviy texnologiya va ilmiy yondashuvlar uygʻunligida tayyorlanmoqda. Mazkur koʻrgazma nafaqat tarixiy maʼlumotlarni taqdim etish, balki uni interaktiv va vizual shaklda his etish imkonini yaratishga qaratilgan.
Ekspozitsiya konsepsiyasi Shayboniylar, Ashtarxoniylar, Buxoro, Xiva va Qoʻqon xonliklari kabi muhim siyosiy-hududiy tuzilmalarni qamrab olgan infokioskalar tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Bu infokioskalarda tarixiy shaxslar, islohotlar, madaniy va ilm-fan taraqqiyoti haqidagi multimediaviy kontentlar — videoroliklar, animatsiyalar, raqamli xaritalar va matnlar joy oladi.
Ekspozitsiyaning yana bir innovatsion yutugʻi — ilmiy-nazariy geomadaniy makon xaritasi boʻlib, unda turli xonliklar davridagi madrasalar, kutubxonalar va maʼrifiy markazlar joylashuvi aniq koʻrsatiladi. Bu xarita dizaynerlar va tarixchilar hamkorligida tayyorlanmoqda.
Shuningdek, ikki katta LED ekran orqali Buxoro xonligidagi Shashmaqom sanʼati va Qoʻqon xonligidagi adabiy muhit borasida materiallar namoyish etiladi.
Yanada chuqurroq taassurot uchun markaz hududida immersiv shou zali quriladi. Bu zalda Temuriylar va Oʻzbek xonliklari davri hayoti maxsus effektlar, ovoz, tasvir va harakatlar orqali reallikda namoyon etiladi. Loyiha konsepsiyasi tarix fanlari doktori Dilnoza Jamalova rahbarligida ishlab chiqilgan.
Loyihada dizayner Pavel Arakelyan, shuningdek, Interstellar va Fransiyaning Avesta kompaniyalari hamda mahalliy va xalqaro mutaxassislar faol ishtirok etmoqda. Ular ekspozitsiya devorlari, naqshlar, ekranlar va infokioskalarning estetik va funksional yechimlarini yaratishga oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Bu keng qamrovli va zamonaviy ekspozitsiya nafaqat maʼlumot manbai, balki kelgusi avlod uchun tarixni his etish va undan faxrlanish imkonini beradigan maʼrifiy-madaniy makon boʻladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
