Imom Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” asari asl nusxada namoyish etiladi
🔴 Islom falsafasi va kalom ilmi
🔴Oʻrta asrdagi nurli mafkura va “hidoyatga boshlovchi” taʼlimot Oʻzbekistondagi megaloyihada
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Birinchi Renessans” davriga bagʻishlangan ekspozitsiyani mazmunan boyitishga qaratilgan ilmiy muhokamalar izchil davom etmoqda. Ekspozitsiya ishchi guruhi tarkibida xalqaro ekspert sifatida ishtirok etayotgan “Al-Furqon” islom merosi jamgʻarmasi direktori Sali Shahsuvariy Markaz muzeyi ekspozitsiyasining “Birinchi Renessans” boʻlimi kapsulalarida taqdim etiladigan videokontentlar ssenariylarini tayyorlash ustida ish olib bormoqda.
U tarixiy mazmundagi surat va hujjatlarni vizual shaklda namoyish etish uchun Italiyaning “Magister Art” dizayn kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlamoqda. Shu bilan birga, Sali Shahsuvariy manbalardagi maʼlumotlarning ilmiy va diniy jihatdan aniq va asosli boʻlishi lozimligini taʼkidladi.
Ekspozitsiyada islom ilmiy merosining yetuk namoyandalaridan biri boʻlgan Imom Abu Mansur Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” asari asl nusxada, “Taʼvilot al-Qurʼon” asari esa koʻchirma nusxada namoyish etilishi koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, uning taʼlimotini chuqur oʻrgangan Abu Muin Nasafiyning mashhur “Tabsirat al-adilla” asari ham vitrinalardan joy olishi rejalashtirilgan.
Muhokamalar davomida ushbu allomalarning ilmiy merosini nafaqat koʻrgazma vositasida, balki audio va videokontent shaklida ham taqdim etish taklifi ilgari surildi. Bu orqali ekspozitsiya tashrif buyuruvchilarda IX-X asrlarda Markaziy Osiyoda islom dini, falsafasi va kalom ilmi yuksak rivojlangani haqida keng va yaxlit tasavvur uygʻotish maqsad qilingan.
Mazkur ekspozitsiya “Birinchi Renessans” davrining aqliy-maʼnaviy yutuqlarini zamonaviy muzey texnologiyalari orqali keng jamoatchilikka yetkazishda muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
