Tarixiy merosga zamonaviy ruh: oʻzbek xonliklari davri ekspozitsiyada zamonaviy texnologiyalar asosida shakllanmoqda
🔴 Ekspozitsiyada Nodira va Uvaysiyning “jonli” chiqishi
🔴 Milliy oʻzlik va tarixiy xotira zamonaviy texnologiyalarda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida oʻzbek xonliklari davri multimediali yechimlar, LED ekranlardagi videokontent orqali namoyish etiladi. Markazda mutaxassislar, olimlar, “Interstellar” kreativ kompaniyasi vakillari hamda soha ekspertlari ishtirokida boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishda Oʻzbekistondagi megaloyiha muzey ekspozitsiyasida “Oʻzbek xonliklari davri”ni zamonaviy ruh va ommabop talqinda namoyish etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ekspozitsiyaning umumiy mavzusi, tuzilishi, har bir sektordagi ilmiy matnlar, sarlavhalar, devor yozuvlari va vitrina maʼlumotlari boʻyicha muvofiqlashtirish ishlari muhokama qilindi. Matnlar stilistikasi va vizual namoyon etishda yagona uslub shakllantirilishi taʼkidlandi. Multimediali yechimlar, LED ekranlardagi videokontent va infokioskalar mazmuni yuzasidan ham takliflar bildirildi. Xususan, Qoʻqon adabiy muhitiga bagʻishlangan videorolik ustida ish ketmoqda. Unda Kinematografiya agentligi hamkorligida Nodira va Uvaysiy kabi shoira ayollar oʻz sheʼrlarini “jonli” oʻqishi imkoniyatlari yaratilyapti.
Xiva xonligi ekspozitsiyasida Komil Xorazmiy va Muhammad Rizo Ogahiy merosi vizual materiallar orqali taqdim etilishi rejalashtirildi. Shuningdek, Qoʻqon qogʻoziga bagʻishlangan videomaterial va hunarmandchilik namunalarini joylashtirish gʻoyasi ham maʼqullandi.
Yigʻilishda kirish qismidagi katta ekranda Shayboniylar davriga oid arxitektura yodgorliklarini, miniatyuralar va shaharsozlik obidalarini vizuallashtirish, yaʼni rasm, videorolik, diagramma, grafika, maket, 3D model yoki animatsiya kabi zamonaviy yondashuvlar orqali namoyish etish taklifi bildirildi.
Ekspozitsiyadagi infokioskalar orqali xonliklar tarixi, shaxslar, adabiy muhit va topilmalar haqidagi maʼlumotlar interaktiv tarzda taqdim etilishi konseptual ravishda maʼqullandi.
Tadbir ishtirokchilari ushbu ekspozitsiya milliy oʻzlik, maʼnaviy meros va tarixiy xotirani keng jamoatchilikka zamonaviy muzey texnologiyalari orqali yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladilar.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
