“114 Qurʼon” loyihasi yakuniy bosqichda: Ekspozitsiyada nurli sahifalardagi tarix va tamaddun

🔴 114 ta Qurʼoni Karim nusxasi asosida kitob-albom

 

🔴 700 yillik tarixga ega Qurʼon qoʻlyozmasi



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi fransiyalik, turkiyalik va avstriyalik nufuzli mutaxassislar bian hamkorlikda “114 Qurʼon” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida Oʻzbekiston tarixiy merosiga tegishli dunyodagi Qurʼon qoʻlyozmalari tanlab olinadi va Markaz muzeyi asosiy qismi sifatida Qurʼoni karim zali boʻlimi  ekspozitsiyasidan oʻrin oladi. Bugun Islom sivilizatsiyasi markazida mazkur loyihaning yakunlovchi bosqichga yetayotgani munosabati bilan turkiyalik olim, Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez oʻz taqdimotini namoyish qildi.

 

    Taqdimotda Oʻzbekistonning taniqli ulamolari va islomshunoslari — shayx Abdulaziz Mansur, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidbek Ishmatbekov, markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov, ilmiy xodim Azimjon Gʻafurov hamda qator tadqiqotchilar ishtirok etdi. 




    Istanbul universiteti professori Emek Ushenmezning maʼlum qilishicha, ushbu loyiha doirasida Markaz bilan hamkorlikda 114 ta Qurʼoni Karim nusxasi asosida kitob-albom tayyorlanmoqda. Emek Ushenmezning taʼkidlashicha, kitob-albom “Kirish qismi” va 4 boʻlimdan iborat boʻlib, unda VII asrdan XX asrgacha Turkiston hududida yaratilgan va dunyo arxivlarida saqlanayotgan noyob qoʻlyozma Qurʼonlar haqida tarixiy-ilmiy maʼlumotlar keltiriladi.


    Kitob-albomdan joy oladigan mashhur nusxalar qatorida — Usmon mushafi, Katta Langar Qurʼoni, Moviy Qurʼon, Somoniylar, Qoraxoniylar, Gʻaznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar va Boburiylar davridagi hamda xonliklar davriga oid nusxalar oʻrin oladi. Har bir qoʻlyozmaning faksimile (aniq nusxa) koʻrinishida 2 sahifasi kitobda oʻz aksini topadi. Ularning umumiy tartibi 30 porani qamrab olib, toʻliq Qurʼoni Karim manzarasini yaratadi.




    Professor Ushenmez aytib oʻtgan muhim jihatlardan biri — 1467 yilda Amir Temurning nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmalik xotun tomonidan oʻz qoʻli bilan koʻchirilgan Qurʼon nusxasi ham albomda joy olishi. Shuningdek, Qoʻqon xoni Amir Umarxonning Usmoniylar sultoni Mahmud II ga sovgʻa qilgan tarixiy qoʻlyozma nusxasi haqida ham maʼlumot berildi.


    Eng eʼtiborli qismlardan biri — 1318 yilda Oltin Oʻrda xoni Oʻzbekxonga atab oltin varaqda koʻchirilgan 700 yillik tarixga ega Qurʼon qoʻlyozmasidan suralar kiritilayotganidir. Ushbu nusxa moʻgʻullar davridan keyin saqlanib qolgan eng asosiy Qurʼon mushaflaridan biri hisoblanadi.


    Taqdimot soʻngida professor Emek Ushenmez ushbu noyob qoʻlyozmalarning tarixiy, manbashunoslik va madaniy qimmatini alohida taʼkidladi hamda ularning kelib chiqish tarixi Oʻzbekiston bilan chambarchas bogʻliq ekanini qayd etdi.