Yangi Oʻzbekistonning muhtasham maʼrifiy maskani
Koʻpincha xorijlik tarixchi, manbashunos olimlar mamlakatimiz tarixi, buyuk allomalarimiz hayotiga oid ilmiy tadqiqot va izlanishlar olib borganlarida “Yurtingiz yoshlari kimlarning avlodi, qanday ulugʻvor maʼnaviy merosning vorislari ekanini teran anglashlari kerak”, degan xitobni eshitamiz. Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda kechayotgan maʼrifiy yangilanish jarayonlarida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqimizning gʻurur va iftixorini yanada yuksaltiradigan, kelajakni boy merosimiz asosida yaratishga doir tashabbuslar ilgari surilmoqda, deya xabar qildi OʻzA agentligi.
Poytaxtimizda barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimiz gʻururiga gʻurur qoʻshadigan ana shunday muhtasham maskanlardan biridir. Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi arafasida bu yerda ulkan, sermazmun, shonli tariximiz, bebaho merosimizning mohiyatini teran ochib beruvchi ekspozitsiya shakllantirish ustida kechayu kunduz ish olib borilmoqda.
Markazning muzey majmuasi ekspozitsiyasi bir nechta tarixiy zallarni oʻz ichiga oladi. “Qurʼoni karim zali”, “Islomgacha boʻlgan sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “Oʻzbek xonliklari davri”, “XX asrda Oʻzbekiston”, “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans” kabi zallar shular jumlasidan.
Ushbu boʻlimlar sivilizatsiya rivojlanishining turli davrlarini aks ettiradi. Ayni paytda koʻplab diniy-maʼrifiy va innovatsion media loyihalar ustida qizgʻin ish jarayonlari ketmoqda.
Markaz ekspozitsiyasini shakllantirishda “Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar” konsepsiyasi asosida 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar mutaxassislari, muzeyshunoslar, tadqiqotchilar, dizaynerlar birlashib, kontentlarni tayyorlash ustida qizgʻin ish olib bormoqda.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov boshchiligida boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishda bu boradagi ishlarni jadallashtirish uchun “Dolzarb 30 kunlik” eʼlon qilindi.
Anʼanaviy muzey yondashuvidan farqli ravishda, Markazda islom sivilizatsiyasi muzey eksponatlari bilan emas, balki buyuk shaxslar va ularning kashfiyotlari orqali taqdim etiladi. Bunday yondashuvni hozirga qadar dunyodagi birorta muzey qoʻllamagan. Hozirda mukammal ekspozitsiyani shakllantirish uchun 403 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi shunchaki ekspozitsiyalar toʻplami emas, balki bu yerda innovatsion texnologiyalar yordamida oʻtmish, bugun va kelajakni uygʻunlashtirgan holda davrlar osha sayohat qilish muhiti yaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat ajdodlarimiz merosini oʻrganish maskani, balki yoshlar ilmiy-tadqiqot faoliyatida bevosita ishtirok etadigan faol ilmiy-maʼrifiy makonga aylanishi kerak” degan vazifalari bugungi kunda markazda ish olib borayotgan katta ilmiy-maʼrifiy jamoaning muhim dasturiga aylangan.
Bu boradagi vazifalarni bajarishda eng zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, “Vaqt yoʻlagi” innovatsion loyihasi barcha zallarni birlashtiradi. Shu tariqa tashrif buyuruvchilarga davrlar osha sayohat qilish va bir tarixiy davrdan boshqasiga oʻtish imkoniyati yaratiladi.
“Vaqt kapsulasi” loyihasi tashrif buyuruvchilar uchun islom madaniyati qadriyatlariga asoslanib, kelajak avlodlarga xabarlar qoldiradigan interaktiv loyihaga aylanadi. Bu loyihada mehmonlar oʻz fikrlarini, tilak va istaklarini kelgusi avlodlarga yetkazish imkoniga ega boʻladilar.
“Vaqt devori” loyihasi ulkan multimedia paneli boʻlib, unda golografiya, installyatsiyalar, proyeksion texnologiyalar yordamida turli davrlarning muhim tarixiy bosqichlari, buyuk kashfiyotlari va mashhur shaxslari jonlanadi.
Ushbu texnologik yechimlarning barchasi tashrif buyuruvchilarni ekspozitsiya bilan tanishtiribgina qolmay, balki ularni asrlar osha qiziqarli sayohatga yuborish imkonini beradi. Mazkur ekspozitsiyalarni yanada takomillashtirish maqsadida mamlakatimizning olim va tadqiqotchilari, ilmiy jamoalari, muzeylari bilan birga xorijdagi koʻplab nufuzli muzeylar, ilmiy-tadqiqot institutlari, kutubxonalar, maʼrifiy kompaniyalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Shu tariqa, bugungi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kuchli va yuksak salohiyatli ilmiy-tadqiqot platformasiga aylandi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini yanada zalvorli tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston madaniy merosni oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati – WOSCU hamkorligida “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida”, “Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi kitob-albomlarni nashr etish, bebaho qadimiy qoʻlyozmalarning faksimile nusxalarini chop etish koʻzda tutilgan.
Markaz ochilish marosimi doirasidagi “Oʻzbekiston madaniy merosi – butun insoniyat mulki” mavzusidagi xalqaro koʻrgazmada xorijda saqlanayotgan osori-atiqalar koʻrgazmasini oʻtkazish maqsadida Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda 40 dan ortiq xorijiy davlatdan 500 dan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasalari qamrab olindi. Mamlakatimiz madaniy merosiga qiziquvchi 5 ming nafardan ortiq olim, ekspert, media sohasi vakillari, mutaxassislar yagona maqsad yoʻlida hamkorlikda ishlab, alohida dastur asosida xalqaro forumlar, seminarlar, treninglar, mahorat darslari oʻtkaziladigan muloqot platvormasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Dunyoning eng yetakchi kutubxonalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan birga koʻrgazmalar tashkil etish, xalqaro toʻplamlarda saqlanayotgan noyob artefaktlarning vaqtinchalik va doimiy ekspozitsiyalarini oʻtkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganayotgan xorijiy olimlarni birlashtiruvchi ilmiy jamiyatlar tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Umumiy hisobda esa, Oʻzbekistonning tarixiy va madaniy merosi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan 50 ga yaqin yirik kolleksionerlarni jalb etish kutilmoqda. Bu jahon muzeyi amaliyoti tarixidagi noyob hodisa boʻlib, dunyoning oʻnlab yetakchi muzeylari bitta mamlakat, yaʼni Oʻzbekiston merosi atrofida birlashadi.
Xalqaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida qadimiy yodgorliklarning yuqori sifatli nusxalarini yaratish va madaniy merosni raqamlashtirishga katta eʼtibor qaratiladi. Prezidentimizning koʻrsatmasiga koʻra, xalqaro koʻrgazmalar uchun tarixiy obʼektlarning aniq nusxalari tayyorlanadigan maxsus laboratoriya va ustaxona tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, tarixiy yodgorliklarning zamonaviy 3D nusxalarini yaratish va qayta tiklash uchun yangi texnologiyalar joriy etiladi.
Markazda bolalar va oʻsmirlar uchun taʼlim platformasini yaratish boʻyicha ham faol ishlar olib borilmoqda. Bu loyiha yoshlarga oʻtmishdagi buyuk tarixiy shaxslar, olimlar, sarkardalar bilan interaktiv tarzda “muloqotga kirishish” imkonini beradi.
Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizning qurdatli maʼrifiy salohiyati, boy madaniy merosini namoyish etuvchi ushbu muhtasham maskan yangi Oʻzbekistonning oʻziga xos maʼrifiy tashrif qogʻoziga aylanishiga shubha yoʻq.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
