Sirli osmon toqiga qoʻyilgan narvon


    
    Mamlakatimiz tarixining turli davrlarida jahonshumul sivilizatsiyalar, yirik imperiyalar, havas qilsa arzigulik shaharlar va bebaho meʼmoriy obidalar vujudga kelgan. Ayniqsa, buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan tengsiz madaniy meros namunalari insoniyat tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Ular yaratgan ilmiy, tarixiy va badiiy asarlar bugun dunyoning turli nuqtalarida, xorij toʻplamlari, jamgʻarmalari, kutubxona va muzeylarida saqlanmoqda. 


    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining muhtasham binosini sifatli va mazmunli kontent bilan toʻldirish har birimizdan alohida masʼuliyat talab etmoqda. Markaz tashkil etilganidan beri oʻtgan sakkiz  yil davomida bu borada tajribali va bilimdon olimlardan iborat katta ilmiy-ijodiy guruh ish olib bordi. Shu davr mobaynida buyuk allomalarimiz merosini tadqiq etishga doir 800 dan ortiq ilmiy-innovatsion loyihalar ishlab chiqildi. Ular orasida buyuk temuriyzoda hukmdor Muhammad Taragʻay Mirzo Ulugʻbek (1394-1449) ilmiy merosi alohida oʻrin tutadi. 


    Mirzo Ulugʻbek Movarounnahr hududida roʻy bergan Ikkinchi renessansning asoschilaridan biri sanaladi. Uning boshqaruvidagi qirq yilga yaqin vaqt mobaynida Vatanimiz hududida ilm-fan, madaniyat, meʼmorchilik taraqqiy etdi. Samarqand, Buxoro va Gʻijduvon shaharlarida madrasalar barpo etildi. Xususan, Registon maydonida 1420 yil sentabrda foydalanishga topshirilgan madrasai oliya dunyoning ilk universitetlari bilan bemalol bellasha oladi. Samarqandda Sharqdagi eng yirik ilmiy muassasalaridan biri boʻlgan rasadxona qad rostladi. 


    Mirzo Ulugʻbekning oʻzi ham davlat boshqaruvidan boʻsh  paytlarida talabalarga saboq bergan, osmon jismlarini kuzatgan, tarixiy va adabiy asarlarga qoʻl urgan. 


    Mir Alisher Navoiy oʻzining “Majolis un-nafois” asarida Mirzo Ulugʻbekning yuksak sheʼriy iqtidori haqida ham soʻz yuritadi va uning sheʼrlaridan namuna keltiradi. 


    Ulugʻbek davrida mumtoz oʻzbek adabiyoti ham yuksaldi. Ulugʻbek hukmronligi yillarida Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy, Amiriy, Gadoiy singari oʻzbek shoirlari ijod qildi. Xuddi shu davrda oʻzbek tilida “Gul va Navroʻz”, “Maxzanul-asror”,  “Yusuf va Zulayho”, “Funun-al balogʻa”, “Nahjul-farodis” singari asarlar yaratildi. “Qurʼoni karim”ga sharhlar bitildi, Saʼdiy, Nizomiy Ganjaviy singari buyuk mutafakkirlar asarlari tarjima qilindi.


    Buyuk oʻzbek shoiri Lutfiy Mirzo Ulugʻbek haqida shunday baytni bitgandi:


Ulugʻbekxon bilur Lutfiy kalomin,
       Ki rangin sheʼri Salmondin qolishmas.


    Ulugʻbek topshirigʻi bilan va bevosita uning ishtirokida bitilgan “Tarixi arbaʼ ulus” (“Toʻrt ulus tarixi”) asari turkiy xalqlar tarixini oʻrganishda eng nodir manbalardan biri sanaladi. 


    Mirzo Ulugʻbek boshchiligida rasadxonadagi kuzatuvlar asnosida 1437 yilda tuzilgan “Ziji jadidiy Koʻragoniy” asari zaminimizda ilmi nujum, yaʼni astronomiya juda erta taraqqiy eta boshlaganidan darak beradi.  Ushbu asarda 1018 ta yulduzning elliptik sistemadagi  oʻrni aniq hisob-kitoblar asosida koʻrsatib berilgan. 


    “Zij” asari Mirzo Ulugʻbekning oʻzi tomonidan yozilganmi yoki boshqalar yozganmi degan savol ustidagi muhokamalar hali tingani yoʻq. “Ziji Koʻragoniy” asarining kirish qismida bu savolga  quyidagicha javob topish mumkin:


 “Soʻng, parvardigor bandalarining faqiru haqiri, ulardan Allohga eng intiluvchisi Ulugʻbek ibni Shohrux ibni Temur Koʻragon bunday deydi”. Demak ushbu jumladan koʻrinadiki, “Zij”ning muallifi Mirzo Ulugʻbekning shaxsan oʻzidir. Ammo, Mirzo Ulugʻbek asarni yaratishda koʻplab olimlar ilmiy qarashlaridan va mehnatidan ham foydalangan. Asar muqaddimasida ligini Qozizoda Rumiy, Mavlono Salohiddin Muso, Gʻiyosiddin Jamshid, Ali Qushchi singari olimlar bu ulugʻvor ishda yaqindan yordam bergani eslatib oʻtiladi. 


    Asarda qayd etilgan maʼlumotlardan bilishimiz mumkinki, Qozizoda Rumiy Ulugʻbekning ustozi boʻlgan va “Zij”ning yaratilishida ishtirok etgan. Jamshid Koshiy haqida ham olimlarning turli xil qarashlari mavjud boʻlib, u kishining Samarqandga 1416 yili kelganligini, rasadxonadagi kuzatishlar boshlanishi bilanoq vafot etganligini, ammo “Zij”ning nazariy qismini arab tiliga tarjima etganligini qayd etgan.

 

    “Zij” asari  muqaddima va 1018 qoʻzgʻalmas yulduzlarning oʻrni va joylashishi aniqlab berilgan astronomik jadvaldan iborat boʻlib, 1437 yilda tuzilgan. Birinchi bob  “Taʼrix - xronologiyaning maʼrifati” deb nomlanib, yil hisoblari va taqvim masalalariga bagʻishlangan. Asarda hijriy, surʼyoniy, yunon, jaloliy, forsiy, turkiy, xitoy va uygʻur  yil hisoblari qiyosiy oʻrganilgan. 


    Asarning ikkinchi bobida – “Vaqtlar va unga taalluqlik narsalar” deb nomlanib, matematik jadvallar (sinuslar va tangenslar),  uchinchi bobda  sferik astronomiya (koinotda Quyosh, Oy va sayyoralar) haqida fikr yuritilgan va  asosiy astronomik jadvallar aynan shu bobda keltirilgan. 


    “Zij”ning toʻrtinchi bobi “Yulduzlarning doimiy harakati” deb nomlangan va u asosan astronomiyaga bagʻishlangan. Ulugʻbek ekliptikaning (quyoshning harakatlanish yoʻli) osmon ekvatoriga ogʻish burchagining miqdorini keltiradi. Mirzo Ulugʻbek koinotni oʻrganishda kuzatish, ekspriment, jonli mushohada, isbotlash, qiyoslash, induksiya, deduksiya usullaridan foydalangan. 


    “Zij”ni dastlab Samarqand madrasasi olimlaridan Ali Qushchi soʻngra Miram Chalabiy va Husayn Birjandiylar ilmiy-falsafiy sharhlaydi. Dastlab Shoxruh, soʻngra Mirzo Ulugʻbekning fojiali halokati, temuriylar oʻrtasidagi oʻzaro nizolar tufayli Movarounnahrning yetuk olimlari Sharq mamlakatlari boʻylab tarqalib ketdi. 


    Olimlar oʻzlarining ilmiy yutuqlari qatorida “Zij” asarining asl nusxalarini ham oʻzlari bilan olib ketdilar. Jumladan, Ali Qushchi 1473 yili Turkiyaga borib, u yerda rasadxona barpo etib “Zij” asarini Yaqin Sharq va Oʻrta Sharq, Turkiya va Yevropa mamlakatlariga yoyilishiga sababchi boʻldi. Bugungi kunda dunyo kutubxonalarida “Zij”ning bir yuz yigirmaga yaqin forsiy va arabiy nusxalari mavjud. 


     Oʻrta asrlarda yaratilgan matematika va astronomiyaga oid biror asar “Zij” kabi mashhur boʻlmagan. Ushbu asar islomiy mamlakatlarining katta qismida oʻrganilgan va sharhlangan. Taniqli olim B.A Rozenfelning taʼkidlashicha “Zij”ga  turli davrlarda Muhammad ibni Abul Fath as Soʻfiy al-Misriy, Abulqodir ibni Roʻyoniy Lahijiy, Miram Chalabiy, Abdulali Birjandiy, Gʻiyosiddin Sheroziy kabi olimlar sharhlar yozishgan.


     Boburiy hukmdorlar, Samarqand olimlari anʼanalarini davom ettirib, atrofiga olimlarni toʻplab astronomiya va matematikaga oid ilmiy ishlarni davom ettiradilar. Jumladan, Shoh Jahon hukmdoligi davrida Lahor va Dehlida ilmiy faoliyat bilan shugʻullangan Farididdin Masʼud al-Dehlaviy (XVI-XVII) “Ziji Shohjahoniy” nomli astronomiyaga oid asar yozadi va ilmiy maʼlumotlar, jadvallarni katta qismini Ulugʻbek “Zij”idan koʻchiradi. Bundan tashqari Savoy Jay Sing “Ziji Muhammadshohiy” asarini yozishda Mirzo Ulugʻbek “Zij”idan foydalangan. 


    Amir Temur va temuriylar saltanati, ayniqsa Mirzo Ulugʻbek haqida Gʻarbiy Yevropa xalqlari va mamlakatlari XV asrdanoq bilardi. “Zij”ning Gʻarbiy Yevropa ilm-faniga ham taʼsiri yetarli darajada katta boʻlgan. 


     Jumladan, Buyuk Britaniyada, Londonning janubi-sharqiy qismida qiroli Karl II (1630-1685) tashabbusi bilan 1675 yilda barpo etilgan Grinvich rasadxonasi qurilishiga ham ayrim taxminlarga koʻra  Mirzo Ulugʻbek maktabi hamda uning mashhur “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari  sabab boʻlgan, deyish mumkin.


    Bunday deyishimizga ikkita rad etib boʻlmas dalil bor. Ulardan biri Oksforddagi Ilm-fan tarixi muzeyida saqlanayotgan, Mirzo Ulugʻbek maktabiga tegishli usturlob, ikkinchisi shu shahardagi Bodlean kutubxonasidan oʻrin olgan “Ziji jadidi Koʻragoniy” qoʻlyozmasidir. 


    Maʼlumotlarga koʻra,  qoʻlyozma 1473 yilda Mirzo Ulugʻbekning sadoqatli shogirdi Ali Qushchi tomonidan Samarqanddan Istanbulga olib ketilgan. Ali Qushchi Fotih Sulton Mehmet saroyida faoliyat koʻrsatgan, astronomiya, matematika, mantiq, tilshunoslik va boshqa yoʻnalishlarda asarlar bitgan. U Samarqanddan koʻplab asarlar, rasadxonada ishlatilgan asbob-uskunalarni, demakki ushbu qoʻlyozmani ham oʻzi bilan Istanbulga olib kelgan boʻlishi mumkin.

 

    Qoʻlyozma hoshiyasidan oʻrin olgan lotin tilidagi qaydlar esa, ingliz olimi Jon Grivz (1602-1652)ga tegishli. Bu asarni Jon Grivz 1638 yilda Istanbulda qoʻlga kiritgan. Grivz oʻsha yilning aprelida Usmoniylar poytaxtida ingliz savdogari va konsuli Piter Uayt bilan uchrashadi. Uning koʻmagida olim Ali Qushchi Samarqanddan keltirgan qoʻlyozmalarni, astronomik asboblarga ham ega boʻladi va Londonga qaytadi. Ular orasida misrlik olim Ptolomeyning “Almagest” asari sharhi - Abdurahmon as-Sufiyning “Qoʻzgʻalmas yulduzlar tasviri haqida kitob” asari, Mirzo Ulugʻbekning “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari, sharqona usturlob ham boʻlgan. 


    Keyinchalik, As-Sufiynig “Almagest” asariga sharhi nomaʼlum sabablarga koʻra, Fransiyaga borib qolgan va ayni paytda Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanmoqda. Jon Grivs fors tilini juda yaxshi bilar, shu tilni oʻrganish boʻyicha qoʻllanma ham yaratgan. Shu bois, u “Ziji Koʻragoniy”ni puxta oʻrganib chiqqan, oʻz qaydlarini kitob hoshiyasiga bitib qoldirgan. U oʻzi bilan olib kelgan usturlob yordamida osmon jismlari harakatini tadqiq etgan. Jon Grivz ayni shu asarning birinchi qismida keltirilgan Sharq taqvimlari bilan tanishadi, Yerning Quyosh atrofida aylanish vaqtini ham puxta oʻrganadi. Ulugʻbek asarida keltirilgan yilning oʻrtacha uzunligiga asoslangan taqvim Yuliy Sezar kalendariga nisbatan aniq va mukammalligi bilan ajralib turardi. Keyinchalik Ulugʻbek asari asosida u Yevropada amalda boʻlgan Yulian kalendarini isloh qilib, yangi taqvimni amalda joriy etish boʻyicha hukumatga murojaat qiladi. Ammo, Grivzning yangi taqvimini joriy etish masalasi Angliyada fuqarolar urushi ketayotgani sababli ortga suriladi va faqat uning oʻlimidan bir asr oʻtib mamlakatda joriy etiladi. 


    Grivz 1648 yili “Ziji Koʻragoniy”dagi 98 yudduzning jadvalini lotin chop etadi. Oʻsha yilning oʻzida “Zij”dagi geografik jadvalni ham nashr etadi. 1650 yili esa u “Zij”ning birinchi qismini lotinchaga  tarjima qilib nashr etadi. Grivs umrining soʻnggi oylarida bu tarjimalarin qayta nashr qiliga ham ulguradi. Bu asarlar oʻsha paytda Oksford, Kembrij, Londondagi universitetlar, ilmiy markazlarda atroflicha oʻrganiladi. 


    Jon Grivz 1652 yilda, ellik yoshda vafot etadi. U oʻzining Istanbuldan olib kelgan qoʻlyozmalar va uskunalarni Okforddagi Sevil kollejiga vasiyat qilib qoldiradi. Keyinchalik oksfordlik olimlar bu asarlar va uskunalardan foydadlanib, astronomiya boʻyicha yangi izlanishlarni amalga oshiradilar. Jumladan Oksford universiteti professori Tomas Hayd (1636—1703) ham  “Zij”dagi turgʻun yulduzlar jadvalini 1665 yili forscha va lotinchada nashr etadi. 


    Bu asarlar albatta Angliyada astromiya fani rivojiga katta turtki beradi. 1675 yilda Robert Guk, Jon Kristofer singari Oksfordda taʼlim olgan astronom olimlar Qirol Karl II buyrugʻiga binoan London yaqinida rasadxona qurilishiga jalb etiladi. Rasadxona bitgach, unga yana bir mashhur ingliz astronomi Jon Flemstid bosh astronom etib tayinlanadi. Dastlab dengizchilar uchun koordinatlarni aniqlash maqsadini koʻzlagan rasadxona aynan tadqiqotlar asosida nolinchi meridian oʻtgani aniqlangan hududda quriladi. Keyinchalik rasadxonasining asosiy binosida aniq vaqtni belgilash uchun maxsus soat oʻrnatiladi. Bu esa, ilm-fanda mashhur “Grinvich vaqti” atamasiga sabab boʻladi.

 
    Xulosa shuki, bugun jahon miqyosida katta ahamiyatiga ega boʻlgan ana shunday kashfiyotlar, ilmiy istilohlar ildizi bevosita ajdodlarimizning aql-zakovatiga borib taqaladi. Jumladan, Buyuk Britaniyada astronomiya sohasida erishilgan yutuqlarda, yangi taqvimdan to mashhur Grinvich vaqti va observatoriyasining qurilishigacha - barchasida Mirzo Ulugʻbekning munosib ulushi bor, desak, mubolagʻa boʻlmasa kerak. 


    Jahon ilm-fan tarixida katta oʻzgarish  yasagan “Ziji Koʻragoniy” asari haqida Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov shunday yozgan edi:


Tuzdi-yu Mirzo Ulugʻbek Koʻragoniy jadvalin,
    Sirli osmon toqiga ilk qoʻydi narvon oʻzbegim...

 

    2023 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Samarqand xalqaro texnologiya  universiteti tashabbusi bilan Eriell Group Xalqaro net xizmatlari guruhi homiyligida “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari oʻzbek, rus, ingliz va xitoy tillarida zamonaviy matbaa imkoniyatlari asosida chop etildi. Ayni paytda Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan ushbu asarni qayta chop etishga hozirlik koʻrilmoqda.

 

 

Rustam Jabborov

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.